Narpaydagi 17-umumtaʼlim maktabi bitiruvchilarining hammasi talaba boʻldi

15:56 01 Dekabr 2023 Jamiyat
297 0

Narpay tumanidagi 17-umumiy oʻrta taʼlim maktabida bugungi kunda 1130 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Ularga 74 nafar oʻqituvchi dars beradi. Muallimlarning 15 nafari oliy toifaga ega. 2022-2023 oʻquv yilida maktabni 17 nafar bitiruvchi tamomlagan boʻlib, ularning barchasi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirdi va bu borada 100 foizlik natijaga erishildi. Ahamiyatlisi, bitiruvchilarning 5 nafari xalqaro va milliy sertifikatlarga ega boʻlib, davlat granti asosida nufuzli oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirdi. Qolgan 12 nafari toʻlov shartnoma asosida talaba boʻldi.

Albatta, bunday natijaga erishish oson emas. Bu, avvalo, ota-onalarning farzandlariga bergan tarbiyasi, oʻquvchilarning qiziqishlari, intilishlari va ustozlarning mehnatlari samarasidir.

— Avvalo, biz maktabdagi darslarning sifatiga alohida eʼtibor beryapmiz, — deydi maktab direktori Marhabo Jabborova. — Ammo oʻquvchini qoʻshimcha toʻgaraklarga jalb etmasak yaxshi natija koʻrsatish qiyin. Shuning uchun maktabimizda 39 ta fan va sport toʻgaraklari tashkil etilgan. Ularning barchasi bepul xizmat koʻrsatadi. Maktabda oʻqituvchilarning har bir erishgan natijasi monitoring qilib boriladi. Samarali mehnat qilayotgan ustozlar munosib ragʻbatlantiriladi. Shuningdek, pullik xizmat koʻrsatuvchi 2 ta oʻquv markazning filiali uchun ham maktabdan joy ajratilgan. Oʻquvchilar pullik toʻgaraklarda qoʻshimcha taʼlim olish istagida boʻlsa ham maktab hovlisidan tashqariga chiqmaydi.

Tumanda bugungi kunda 70 ta maktab boʻlib, 2022-2023 oʻquv yilida bu taʼlim muassasalarini 2295 nafar oʻquvchi tamomlagan. Ularning 191 nafari grant asosida, 495 nafari esa kontrakt asosida oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilingan. Hammasi boʻlib, 686 nafar bitiruvchi talaba boʻlish sharafga muyassar boʻldi. Shu tariqa Narpay tumani oʻquvchilarning oʻqishga kirishi boʻyicha viloyatda uchinchi oʻrinni egalladi.

Kelgusida bundanda yaxshiroq natijalarni qoʻlga kiritish maqsad qilingan.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер