Nanay mintaqaning gavjum sayyohlik markaziga aylanadi
Foto: Халқ сўзи
Namangan viloyatining mashhur Nanay qishlogʻida boʻlganmisiz? Oʻzining jozibador manzaralari, soʻlim tabiati bilan sayyohlar eʼtiborini tortadigan bu qishloq Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan. Keyingi yillarda ushbu maskanda turizm industriyasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy ishlar koʻlami kengayib bormoqda. Mamlakat ichki turizmida munosib oʻringa ega boʻlgan qishloqda hozirda 60 ga yaqin uy mehmonxonalari, dam olish zonalari, koʻplab milliy taomlar oshxonalari va kempinglar xizmat koʻrsatmoqda.
Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bu yerda boʻlib, turizmni yanada rivojlantirish imkoniyatlari bilan tanishdi. Togʻ yon bagʻrida barpo etilgan sogʻlomlashtirish kompleksida oʻndan ortiq tashabbuskorlar sohaga doir istiqbolli loyihalarini taqdim etdilar.
Tadbirkorlar Aʼzamjon Rahimov, Dilmurod Abdusattorov, Toʻramirza Mirzafarov, Mirgʻolib Abilovning uy mehmonxonalari qurish, Alisher Usuvaliyevning “Ohu” dam olish maskani negizida basseyn, fitnes klub, plyaj futboli va oʻtov kempinglarini tashkillashtirish boʻyicha loyihalari koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, Ravshanoy Abdurazzoqova hamda Bayozbek Sharipovning hududda dor yoʻli va ot sportini rivojlantirish boʻyicha taqdim etgan loyihalari alohida eʼtirof etildi.
Bir soʻz bilan aytganda, rejalar bisyor, maqsadlar ezgu. Loyihalarga koʻra, Nanayda yaqin vaqt ichida 1,7 kilometr uzunlikda dor yoʻli, 100 metr uzunlikda oynali, shaffof osma koʻprik, 0,5 kilometr masofada piyodalar, 2,4 kilometrlik otda sayr qilish yoʻlaklari barpo etiladi. Bundan tashqari oʻndan ortiq zamonaviy sayyohlik markazlari ishga tushiriladi.
— Nanayda turizmni rivojlantirish salohiyati yuqori, uni roʻyobga chiqarish uchun barcha sharoitlarni oʻz ichiga olgan konseptual yondashuvlar kerak. Biz mablagʻ, kommunal taʼminot, energiya manbalariga ulanish kabi masalalarni oʻz oʻrnida hal qilib berishga tayyormiz. Tashabbuskorlardan esa shunga yarasha xohish va harakat talab etiladi, — dedi viloyat rahbari.
Taqdimot davomida yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish uchun kredit hamda subsidiya olish yuzasidan talab va takliflar berildi. Asosiysi, loyihalar hayotga toʻla tatbiq etilishi bilan mingga yaqin fuqaroning bandligi taʼminlanadi va, soʻzsiz, hududga turistlar oqimi keskin ortadi.
Qudratilla Najmiddinov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring