Namanganda jurnalistlar taklifi asosida 400 ehtiyojmand oilaga bayram sovgʻalari topshirildi

15:21 26 Dekabr 2022 Jamiyat
859 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov tashabbusi bilan hududdagi barcha OAV vositalari vakillari va blogerlar katta xayriya aksiyasida ishtirok etdilar. Hamisha xalq orasida yuradigan kasb egalari joylardagi eng ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga muruvvat koʻrsatish boʻyicha takliflarini bergan edilar. Kecha Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasining katta zalida mehrga muhtoj 400 xonadon egalari va ularning farzandlariga bayram tantanasi uyushtirildi. Ularga 18 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat Yangi yil sovgʻasi, bolalar uchun issiq kiyimlar taqdim qilindi.

Yigʻilganlarni bayram bilan tabriklagan viloyat rahbari oʻz soʻzida 2023-yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nomlangani inson qadrini ulugʻlash yoʻlidagi ezgu amallar izchil davom etishidan dalolat berishini taʼkidladi.

— Viloyatimiz markaziga kamdan-kam kelaman, — deydi Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Shovon mahallasida yashovchi Raʼno Matqobulova. — Bayram arafasida yoʻqlov bahona tantanali tadbirga chaqirishganidan boshim osmonga yetdi. Yeguliklarga toʻla katta qutidagi sovgʻada bayram dasturxonini toʻldiradigan hamma narsa bor. Sovgʻa qilingan bejirim qishki kiyim oʻgʻlim Komronga juda-juda yarashib tushdi. Olis qishloqlardan bu joyga kelgan biz singari barcha kattayu kichik uyimizga unutilmas taassurot bilan qaytamiz.

Shu kuni betobligi yoki jismoniy nuqsoni tufayli tadbirga kela olmagan koʻngli yarim insonlar ham bayram qutlovidan bahramand boʻldilar. Jurnalist va blogerlar Yangi yil sovgʻalarini ularning xonadoniga yetkazdilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер