Namanganda travmotologiya sohasini rivojlantirish uchun 10 mln yevrolik xalqaro shartnoma imzolandi
Foto: «Xalq so‘zi»
Bu jarayon Namangan viloyati hokimi ShavkatAbdurazzoqovning Avstriya davlati Moliya vaziri Magnus Brummer boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuvi chog‘ida amalga oshirildi. Muloqot davomida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Muzokaralar yakunida imzolangan shartnomada Avstriyaning “AME international” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda Namangan viloyati markazida zamonaviy Travmatologiya shifoxonasini jahon standartlari talablari asosida tibbiy apparatura va jihozlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. 10 million Yevrolik hamkorlik tadbirlariga ko‘ra, yangi qurilayotgan Travmatologiya shifoxonasida Namangan aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga imkon beruvchi eng zamonaviy tibbiy texnologiyalar o‘rnatiladi.
Kelishuvda ta’kidlanganidek, tez orada shifoxonaga 100 turdan ortiq tibbiy apparatura va jihozlar olib kelinadi. Natijada bu yerda qatnovlar soni ikki marta, tibbiy mehnat unumdorligi va amaliyotlar sifati bir necha barobarga ortadi. Eng asosiysi, viloyat aholisini ayni yo‘nalishdagi tibbiy amaliyotlar uchun boshqa viloyatlar va chet ellarga borib davolanishiga ehtiyoj qolmaydi. O‘z navbatida tibbiy turizm rivojlantirilib, boshqa hududlardan kelganlarga ham xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, Namangan viloyati hokimi Sh. Abdurazzoqov boshchiligidagi delegasiya bir muddat avval Avstriya davlatida bo‘lib, ishbilarmonlar bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazgan, shundan so‘ng, “AME International” kompaniyasi rahbari Namanganga kelib travmatologiya markazi loyihasi bo‘yicha amaliy ishlarga kirishgan edi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring