Yangi Namanganda suv tarmoqlari yangilanmoqda
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Yangi Namangan tumanining ayrim mahallalarida qurilgan ichimlik suv tarmoqlarining eskirganligi taʼminotda bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Yevropa Taraqqiyot va Tiklanish banki dasturiga kiritilishi bilan bu muammoga yechim topildi. Xalqaro moliya instituti tomonidan ajratilgan 954,8 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ hisobiga tumanning beshta mahallasida 5 kilometrdan koʻproq masofadagi tarmoqlar qayta taʼmirlandi.

— “Mingterak”, “Oromgoh” va “Axsikent” mahallalarida mehnat qilayotgan “Adolat qurilish servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati rejada belgilangan uzunlikdagi sigʻimi 500 millimetrli quvurlar montajini amalga oshirmoqda, — deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Muhammad Qurbonov. — Bunda sifat va samaradorlikka erishish uchun barcha imkoniyatlar ishga solindi.

Shuningdek, boshqa mahallalarda ham dastur loyihasidagi ishlarni joriy yilda yakuniga yetkazish koʻzda tutilgan. Bu bilan “Oromgoh”, “Guliston”, “Furqat”, “Mingterak” hamda “Axsikent” mahallalaridagi 7176 ta xonadonda istiqomat qilayotgan 31185 nafar aholining suv taʼminoti yaxshilanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring