Namanganda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida “Shaxmat festivali” oʻtkazildi
Insoniyat shaxmatni azaldan aql gimnastikasi sifatida ardoqlab keladi. Zero, sportning bu turida tarbiyaviy ahamiyat katta. U bolalarning ong-tafakkurida hayot qiyinchiliklariga bardoshlilik, oldiga qoʻygan maqsadlariga mustaqil erishish hamda izchil harakat qilish kabi fazilatlarni rivojlantiradi. Shu nuqtayi nazardan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Shaxmat festivali” musobaqalari bu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Musobaqaning Namangan shahridagi 60-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻlib oʻtgan viloyat bosqichi bu haqiqatni yana bir bor tasdiqladi. Shveysariya tizimi asosida tashkil etilgan bellashuvlarda shahar va tuman bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 28 nafar tarbiyalanuvchi ishtirok etdi.
— Kichkintoylarning dadil va ishonch bilan dona surishlariga Namangan viloyati shaxmat federatsiyasining birinchi toifali murabbiylari Muhtaram Abdufattayeva hamda Zakriyoxoja Gʻaybullayev hakamlik qildi. Bahslar qizgʻin, shaffof va murosasiz kechdi. Jarayonlarni ota-onalar va ustozlar onlayn tarzda kuzatib borishdi, — deydi Namangan viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Abror Abduqayumov.

Natijalarga koʻra, 5–7 yoshli oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bellashuvlarda faxrli 1-oʻrinni Namangan shahridagi 1-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Elnur Bazarbayev egalladi. Ikkinchi oʻrin Davlatobod tumanidagi 50-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Asadbek Mahmudovga, uchinchi oʻrin esa Chust tumanidagi “Modern Children” oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Elyorxon Muhsinovga nasib etdi.
Qizlar oʻrtasidagi bellashuvlarda esa Davlatobod tumanidagi 54-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Sohiba Baxtiyorova birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin Toʻraqoʻrgʻon tumani vakilasi Nuriya Abdurasulovaga, uchinchi oʻrin esa chustlik Malikaxon Madaliyevaga nasib etdi.
Birinchi oʻrinni egallagan kichkintoy shaxmatchilar musobaqaning yakuniy bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi. Gʻolib va sovrindorlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring