Namanganda xalqaro uloq-koʻpkari musobaqasi oʻtkazildi

15:16 27 Mart 2025 Jamiyat
371 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Azaldan usta chavandozlar yurti boʻlgan Namanganda ot sportiga eʼtibor baland. Buni viloyat markazi va tumanlarda uning ommalashuvi yil sayin keng miqyos olayotganligi ham tasdiqlaydi. 24-26-mart kunlari Milliy gvardiyaning viloyatdagi chavandozlar maktabida uloq-koʻpkari boʻyicha oʻtkazilgan IV xalqaro turnirda polvonlar ot oʻynatib, mahoratlarini yana bir karra namoyish qildilar. Uch kun davom musobaqada Oʻzbekistonning ikki jamoasi hamda Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston chavandozlari maydonga tushdi.

— Ot oʻynatgan polvonlar bahsi murosasizligi bilan qiziq, — deydi Namangan viloyati sport boshqarmasi bosh mutaxassisi Bekzod Nuriddinov. — Taʼbir joiz boʻlsa, shu kuni maydonning har qarichida kurash qizidi. Ayni jarayonda ishtirokchi davlatlardan tayinlangan xalqaro darajadagi hakamlarga ham oson boʻlmadi. Oʻzbekiston 1 va 2-jamoalari musobaqa favoritlari boʻlgan Qozogʻiston va Tojikiston chavandozlarini magʻlub etib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi. Yakunda Milliy gvardiya chavandozlar maktablari tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan Oʻzbekiston-1 jamoasi mutlaq ustunlikka erishdi. Keyingi faxrli oʻrinlarni esa Oʻzbekiston-2 va Qozogʻiston jamoalari egalladi.

Turnirning taqdirlash marosimida tashkilotchilar — Milliy gvardiya qoʻmondonligi, Sport vazirligi, Namangan viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi rahbarlari hozir boʻldi. Gʻoliblarga egallagan oʻrinlariga qarab 100 million, 75 million va 50 million soʻm pul mukofotlari, medal hamda kuboklar tantanali ravishda topshirildi. Chavandozlar alohida nominatsiyalar boʻyicha ham taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер