Namanganda xalqaro asal festivali boshlandi

16:41 28 Oktyabr 2022 Jamiyat
693 0

Foto: Xalq so‘zi

Gullar shahri navbatdagi xalqaro anjuman – asal festivaliga mezbonlik qilmoqda. Bugun Namangan viloyat markazidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida respublikamiz hududlari hamda qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻiston davlatlaridan kelgan ikki yuzdan ortiq asalarichilar jam boʻldi.

Ushbu nufuzli anjumanning Namanganda oʻtkazilishi bejiz emas. Keyingi yillarda viloyatda isteʼmol bozorini ekologik jihatdan toza oziq-ovqat mahsuloti bilan toʻldirishda oʻz oʻrniga ega boʻlgan mazkur tarmoq jadal rivojlanib bormoqda. Bu yerda ayni paytda 260 nafar soha mehnatchisidan iborat asalarichilar uyushmasi faoliyat koʻrsatayotir. Ular parvarishida boʻlgan 210 mingdan ziyod asalari uyasidan yiliga 4,5 ming tonnaga yaqin shifobaxsh neʼmat yigʻib olinmoqda. Eʼtiborli jihati, endilikda yosh ari uyalarini tashqi bozorga chiqarish ham yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilning oʻtgan davrida respublikamiz boʻyicha eksportga chiqarilgan 311 ming dona asalari paketining 1900 donasi yoki 70 foizi namanganliklar hissasiga toʻgʻri kelgani diqqatga sazovor.

Namangan viloyat hokimligi, Turizm va madaniy meros vazirligining hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan festival sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sanoatlashtirish, xalqaro tajriba almashuv platformasini yaratish, mavjud muammolar yechimini topishga yoʻnaltirilgan boʻlib, bugun erta tongdanoq odamlar bilan gavjumlashgan bogʻda asalarichilik mahsulotlari koʻrgazmasi ochildi.

— Bilsangiz, Namangan festivaliga taklifnoma olgan chogʻda rosa suyundim va bu yerga togʻ giyohlaridan yigʻilgan bol mahsuli boʻlgan ekologik jihatdan toza, betakror taʼmga ega boʻlgan shifobaxsh neʼmatni olib keldim,  — deydi Qirgʻiziston Respublikasi Jalolobod viloyatining Suzoq tumanidan tashrif buyurgan Adham Mavlonov. — Mahsulotimizga oʻzbek tadbirkorlari tomonidan katta qiziqish bildirilayotgani festival davomida qator manfaatli shartnomalar tuzilishiga umid uygʻotmoqda.

Aytish kerakki, Namanganda asalaridan dastlabki mahsulot olishning oʻzi bilan cheklanib qolmasdan, uni qayta ishlash, qadoqlangan holda savdoga chiqarish, eksportga joʻnatishni yoʻlga qoʻygan biznes egalari safi tobora kengaymoqda. Ulardan biri «Abdulqodirxon Baraka fayz» xususiy korxonasi katta tadbir ishtirokchilari uchun oʻzining keng assortimentdagi koʻrgazmasini tashkil etgan.

— 2,5 ming uya asalarimiz bor, — deydi korxona rahbari Muxtorjon Nurmatov. — Ulardan yiliga 10 tonnadan koʻproq mahsulot yigʻib olamiz. Oʻtgan yildan kichik asalari uyalarini tashqi bozorga ham chiqaryapmiz. Joriy mavsumning oʻzida Rossiyadagi hamkorlarga 100 ming AQSH dollaridan ziyod miqdorda mahsulot eksport qildik.

Xalqaro festivalga tashrif buyurgan Namangan ahli va mehmonlar birinchi kunning oʻzidayoq biri-biridan boy koʻrgazmalar bilan tanishdilar. Koʻpchilik asalning oʻziga xos xususiyatlari haqida batafsil bilib olgan boʻlsa, boshqalar bejirim idishlarga qadoqlangan shifobaxsh neʼmatni mamnuniyat bilan xarid qildilar.

Oldinda ishtirokchilarni ilmiy-amaliy konferensiya, V2V formatidagi uchrashuv, boshqa qator madaniy va sport tomoshalari kutib turibdi. Anjuman doirasida saxovat tadbiri uyushtirilib, imkoniyati cheklangan, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ming kilogramm asal bepul tarqatiladi.

Namanganda xalqaro asal festivali uch kun davom etadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер