Namanganda gaz taʼminoti tizimida murojaatlar bilan ishlash  qay ahvolda?

12:37 05 Dekabr 2022 Jamiyat
671 0

Foto: Xalq so‘zi

Ayni qish zabtiga olgan shu kunlarda nainki qishloq joylarda, balki shaharlarda ham gaz va issiqlik taʼminotiga oid qator muammolar yuzaga kelayotgani sir emas. Bu esa odamlarning eʼtirozlariga, masʼullarning esa mavjud imkoniyatlarni safarbar etish orqali muammolar yechimini izlashiga sabab boʻlmoqda. Aholi murojaatlari asosida kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilayotir.

Jumladan, «Hududgaz Namangan» gaz taʼminoti filialida ham aholi murojaatlari bilan ishlash izchil yoʻlga qoʻyilgani oʻz natijasini beryapti. Buni joriy yilning oʻn bir oyi mobaynidagi faoliyat koʻrsatkichlari ham tasdiqlaydi. Yil boshidan buyon filialning tuman va shahar gaz taʼminoti boʻlimlariga 3 ming 457 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularda tarmoqqa ulanish, hisoblagich oʻrnatish, plombalash va yechish, suyultirilgan gaz taʼminoti, yangi maishiy gaz ballon bilan taʼminlash, hisob-kitob va toʻlov masalalari koʻtarilgan. Kelib tushgan murojaatlarning 3 ming 97 tasi ijobiy hal etilgan boʻlsa, 144 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, 216 ta murojaat esa hozirda koʻrib chiqish jarayonida.

Ushbu yoʻnalishdagi faoliyat natijadorligini taʼminlash maqsadida hududlarni “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratilgan holda ish olib borilmoqda. Filial rahbari hamda sohalar boʻyicha oʻrinbosarlar tomonidan belgilangan grafikdan tashqari Namangan viloyatidagi “qizil” hududlarga kiritilgan tumanlarda sayyor va ommaviy qabullar hamda isteʼmolchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazilayotir. Xususan, filial direktori va uning yoʻnalishlar boʻyicha oʻrinbosarlari tomonidan shu kunga qadar 65 ta sayyor qabul oʻtkazilib, 296 ta fuqaroning murojaati tinglandi va 243 ta masala ijobiy yechim topdi, 53 tasiga huquqiy tushuntirish berildi. Bu singari sayyor qabullar hududlardagi gaz taʼminoti boʻlimi boshliqlari va masʼul xodimlar tomonidan ham amalga oshirilyapti. Birgina Norin tumanida 37 ta mahallada shunday tadbir tashkil etish orqali tumanning “qizil hudud”dan chiqishiga erishildi.

Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda «Hududgaz Namangan» gaz taʼminoti filiali hamda tuman va shahar gaz taʼminoti boʻlimlarida “Fuqarolarni qabul qilish xonalari” qayta tashkil etilib, zamonaviy koʻrinishda jihozlandi. Ularning qatʼiy belgilangan kun tartibi asosida ishlashiga erishilmoqda. Bundan tashqari gaz taʼminoti korxonalariga kelgan isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida barcha boʻgʻinlarda “Mijozlar bilan ishlash xonalari” tashkil etildi. Bunda asosiy eʼtibor isteʼmolchilarning masalalarini bitta xonada yechish orqali ortiqcha ovoragarchilik va vaqt yoʻqotilishining oldini olishga qaratilgan.

Yuqorida aytganimizdek, qish mavsumi boshlanishi bilan gaz taʼminotida muammolar koʻpaygan shu kunlarda tizimdagi qabulxonalar ish tartibi yanada tigʻizlashgan. Imkon qadar murojaatlarda keltirilayotgan muammolarni bartaraf etishga harakat qilinmoqda.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер