Namanganda fuqaro uyida qalbaki pul ishlab chiqardi
Chortoq tumanida yashovchi F.A.ning mehnat qilmay moʻmay daromad topish ilinjidagi noqonuniy ishi boshiga tashvish keltirdi. Gap shundaki, u muomalaga kiritish maqsadida xonadonida soxta pul yasash harakatiga tushgan.
Buni tuman IIB va DXX tuman boʻlimi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbir natijasida fuqaroning xonadonini koʻzdan kechirish natijasida fosh etildi. Ayni jarayonda 38 yoshli uy egasi va uning sherigi 27 yoshli R. A.lar ishlatgan “HP” noutbuki, “Epson” rangli printeri va turli rangdagi boʻyoqlar, “Delli” laminatsiya uskunasi, 1 ta soch quritgich, dazmol va 4 ta qutida «A-4” formatdagi qogʻozlar, shuningdek, xonadon gilami ostidan «A-4” format qogʻozga chiqarilgan 50 000 soʻm kupyuradagi 18 dona, 100 000 soʻm kupyuradagi 4 ta qalbaki pul ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilgan.
Tabiiyki, Oʻzbekiston soʻmini qalbakilashtirish qonunga muvofiq taʼqib qilinadi. Shundan kelib chiqib, mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan har ikki fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring