Namanganda davlat mulki ijarasidan qariyb 8 milliard so‘m mablag‘ tushdi
Korxona, tashkilot, muassasalarning foydalanilmayotgan bino va inshootlariga talab hamisha yuqori. Ularni ijaraga berishda “E-ijro auction” onlayn elektron savdo maydoni imkoniyatlari qo‘llanilayotgani ayni yo‘nalishda shaffoflikni taʼminlamoqda. Xususan, Namangan viloyatida joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida 223 ta bo‘sh turgan obyekt ijarasi 3 milliard 268,9 million so‘m qiymatdagi boshlang‘ich narx bilan talabgorlarga taqdim etildi.
Savdolar jarayonida 9 milliard so‘mlik 1 ming 263 ta shartnoma rasmiylashtirildi. Bu birinchi navbatda tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish va xizmat sohasini yo‘lga qo‘yishida asqatgan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda 2 ming 350 kishi uchun yangi ish o‘rni yaratilgani bilan ahamiyatga molik.
Namangan viloyat iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasidan maʼlum qilishlaricha, bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi. Jumladan, kelgusi yil uchun davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar ijarasidan tushadigan mablag‘ 14 milliard so‘mdan oshishi kutilmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring