Namanganda bir qator obyektlarda qurilish nega toʻxtatib qoʻyildi?
Foto: Xalq so‘zi
Zamon oʻzgarishi bilan shaharsozlik meʼyorlari, xususan, joylarda barpo etiladigan qurilish obyektlariga qoʻyilayotgan talablar ham ortib bormoqda. Ular negizida birgina maqsad - foydalanuvchilar uchun maksimal sharoit va qulayliklarni yaratish mujassam. Masalan, keyingi yillarda kuzatilayotgan energiya tanqisligidan kelib chiqib, qurilajak bino va inshootlarda qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarining boʻlishi shart qilib qoʻyilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2022-yil 9-sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida 2023-yil 1-yanvaridan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan barcha qurilish obyektlari va “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida, shuningdek, umumiy maydoni 1 ming kvadrat metrdan katta boʻlgan savdo-koʻngilochar markazlarining bino-inshootlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv isteʼmoli hajmining kamida 25 foizini ushbu obyektlarda oʻrnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplash lozim topilgan.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan yuqoridagi Farmon ijrosini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, binokorlarga qoʻyilayotgan talab muntazam nazorat qilib borilmoqda. Soha mutaxassislari Namangan viloyatining barcha hududlarida barpo etilayotgan obyektlarda ayni masala boʻyicha oʻrganish ishlarini amalga oshirdi.
Xoʻsh, viloyatda loyihachi va quruvchilar bino va inshootlarni muqobil energiya vositalari bilan taʼminlangan holda barpo etish masalasini kun tartibiga qatʼiy qilib qoʻyishganmi?
Uychi tumani «Pastguzar» mahallasida qurilayotgan fuqaro U.S.ga qarashli savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyekti, shu tumanning “Muborak” mahallasida tiklanayotgan M. R. ga qarashli yuz oʻrinli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasasi, Kosonsoy tumani Alisher Navoiy koʻchasida joylashgan “Taʼmir qurilish” MCHJ buyurtmachiligidagi koʻp qavatli turarjoy binosi, Chortoq tumanida "Medikal diagnostics evilition” MCHJga qarashli tibbiy-diagnostika markazi, Namangan shahar Alisher Navoiy koʻchasida “Globus qurilish montaj” MCHJ tomonidan qurilayotgan, shuningdek, Namangan tumanidagi savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari qurilishi bilan tanishish chogʻida bu vazifa eʼtibordan chetda qolganligi aniqlandi. Viloyatning boshqa hududlarida olib borilayotgan qurilishlarda ham bino-inshootlar loyihasida energiya samaradorligi va muqobil energiya texnologiyalari hamda tejamkor, issiq saqlovchi materiallardan foydalanish chora-tadbirlari koʻzda tutilmagani maʼlum boʻldi.
— Bunday hollarda masala jiddiy qilib qoʻyiladi, — deydi Namangan viloyati qurilish va kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat hududiy inspeksiyasi boshligʻi Habibullo Oʻrinov. — Monitoring qilingan barcha obyektlarda mutaxassislarimiz tomonidan aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga, xususan, qoʻshimcha loyiha tayyorlangunga qadar qurilish ishlari vaqtincha toʻxtatildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring