Namanganda besh yulduzli mehmonxona va zamonaviy turarjoy majmuasi barpo etilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Namangan viloyati tekstil sanoati va agrar sohasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan kompaniya endilikda qurilish sohasida ham salohiyatini ishga soladigan boʻldi. Gullar shahrining “Sohilboʻyi” dahasida barpo etishga kirishilgan koʻp qavatli uy-joy binolari majmuasi bu boradagi yirik obyektlardan biri boʻladi. Xorijiy investorlar hamkorligida 75 million dollar sarmoya hisobiga qurilayotgan majmua tarkibidan Yevropaning mashhur brendi ostidagi besh yulduzli mehmonxona oʻrin oladi.

— Boʻlajak majmua 1,75 gektar maydonni egallaydi, —deydi Art Soft Holding kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Olimxon Boboxonov. – Unda 450 mijozga moʻljallangan yerosti avtoturargohi joylashtiriladi. Pastki qavatlarida noturar, savdo-maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari boʻlgan 6 ta 20 va 14 qavatli, 1012 ta xonadonli turarjoy binolari, bolalar oʻyingohi, futbol maydonchasi, piyodalar yoʻlagi, favvora va yashil hudud barpo etish rejalashtirilgan.

Ayni paytda Namangan shahri koʻrkiga koʻrk qoʻshadigan zamonaviy majmua qurilishi jadal surʼatda boshlab yuborildi. Ushbu loyihani amalga oshirish chogʻida qurilish jarayonlarining oʻziga 300 dan ortiq ishchi kuchlari jalb etiladi. U yakunlangandan soʻng bir qator yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 500 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratish moʻljallanmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring