Namanganda 60-Xalqaro Gullar bayrami oʻtkaziladi
Joriy yil may oyining soʻnggi haftasida viloyatda 60-Xalqaro Gullar bayrami oʻtkaziladi. Kecha oqshom viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ushbu tantanali sana munosabati bilan ishchi guruh ishtirokida bayramning asosiy tantanalari tashkil etiladigan Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻidagi ishlar bilan tanishdi. Unda anjuman ochilish marosimi boʻlib oʻtadigan Tinchlik xiyoboni, gul savdosi tashkil etiladigan Adiblar xiyoboni, koʻngilochar dasturlar uchun Uch favvora maydoni va boshqa bogʻlarni tayyorlash, Bobur bogʻini esa tegishli ramzlar bilan jihozlash, fontanlar va yoritgichlarga alohida eʼtibor qaratish masalasi muhokama qilindi.
— Bu yilgi yubiley bayramida ishtirok etmagan namanganlik, gul ekilmagan joy qolmaydi. Barcha shahar va tumanlar, sohalar boʻyicha tashkilot va muassasalar oʻz hududlarini tayyorlashda alohida yondashuv bilan landshaft dizaynining zamonaviy koʻrinishlarini ishlab chiqadilar, - dedi viloyat hokimi.
Ha, bu galgi bayram boshqacha boʻladi. Masalan, unda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoda oʻxshashi boʻlmagan gullar avtoparaditantanalarga oʻzgacha shukuh bagʻishlashi bilan Namanganning azaliy anʼanasiga aylanib ulgurgan gulchilikni butun boʻy-basti bilan namoyish etadi. Bogʻning tungi dizayni ham yangitdan koʻrib chiqiladi.
Aytish lozimki, yubiley bayramda mamlakatimiz va qoʻshni respublikalardan gulchilar qatnashishi bilan birgalikda, xorijiy davlatlardan koʻplab mehmonlar taklif etilgan. Tadbirlarni koʻtarinki ruh, yuqori kayfiyatda oʻtkazish Namangan ahlining eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yilligiga munosib toʻyonasi boʻladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring