Namangan viloyatida noqonuniy tamaki savdosi bilan shugʻullangan shaxslar ushlandi
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Namangan viloyatida noqonuniy tamaki mahsulotlarini savdo qilish bilan shugʻullangan shaxslarga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani boʻlimi va “Qamchiq” YPX maskani xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbir davomida fuqaro O.X. (muqaddam sudlangan) boshqaruvidagi avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi. Tekshiruv natijasida xorijda ishlab chiqarilgan va aksiz markasiga ega boʻlmagan 2 220 quti tamaki mahsulotlarini Toshkent shahriga olib ketayotganligi aniqlandi. Ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Departamentning Namangan tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbirda, noqonuniy tamaki savdosi bilan shugʻullanib kelgan M.M. va A.S. fuqaro B.Sh.ga 1 500 quti tamaki mahsulotlarini 2 880 AQSH dollariga sotgan paytda qoʻlga olindi. Ashyoviy dalil sifatida barcha mahsulotlar olib qoʻyildi.
Tezkor tadbir davomida M.M. va A.S. bilan birga kelgan fuqaro N.S.ning boshqaruvidagi avtomashina ham koʻzdan kechirildi. Tekshiruv natijasida avtomashina yukxonasida 500 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi. Jami 2 000 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi. Ularning umumiy bahosi 64 million soʻmni tashkil etdi.
Mazkur holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) asosida jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolardan qonunbuzarlik holatlarini oldini olish va noqonuniy mahsulotlar savdosiga qarshi kurashish maqsadida ogohlikni oshirishni soʻramoqda. Shu bilan birga, bunday holatlarni tez fursatda tegishli organlarga xabar qilish zarurligi taʼkidlanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring