Namangan shahriga zamonaviy avtobuslarning yangi turkumi keltirildi

18:06 28 Avgust 2024 Jamiyat
328 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida gullar shahri koʻchalarida Xitoy Xalq Respublikasining Yutong kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 36 dona zamonaviy avtobus yoʻlovchilarga xizmat koʻrsata boshladi. Davlatimiz rahbarining “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Namangan shahridagi “Ekspress dolina” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Qozogʻistonning “Ti Dji Es Konsalting Grupp” kompaniyasi hamda xitoylik investorlar sarmoyasi ishtirokida olib kelingan yangi jamoat transportida tashish xizmati uchun zarur boʻlgan barcha qulayliklar yaratilgan boʻlib, yurtdoshlarimizga har jihatdan maʼqul tushmoqda. Xususan, 25 oʻrindiqli avtobus iqlimimizga mos sovitish va isitish vositalari, shuningdek, “GPS” tizimi va maxsus videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Salonda elektron toʻlov tizimini amalga oshirish qurilmasi ishlaydi.

Yutong avtobuslarining viloyat markazidagi yoʻlovchilar gavjum boʻlgan uchta yoʻnalishda qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda. Ular harakat boshlashi oldidan shaharning markaziy koʻchalari jamoat transporti uchun moʻljallangan “A” tasmali yoʻlaklarga ajratildi.

— Namanganda yoʻlovchi tashish transporti xizmatini yanada rivojlantirish maqsadida bir muddat avval viloyat hokimligi hamda Xitoy kompaniyasi oʻrtasida “Yutong” rusumli 100 dona avtobus olib kelish yuzasidan investitsiya mablagʻlarini kiritish boʻyicha kelishuv imzolangandi, — deydi viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Bahodir Bekxoʻjayev. — Shunga muvofiq, avtobus parklarimiz bosqichma-bosqich har tomonlama qulay transport vositalari bilan toʻldirib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер