Namangan xalqaro avtofestivali: retro va zamonaviy texnikalar, betakror tyuning sanʼati va yuqori sifatli xizmat koʻrigi

11:59 24 Fevral 2025 Jamiyat
221 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Gullar shahri koʻpchilik uchun yangilik boʻlgan tadbir – I Xalqaro avtomobillar festivaliga mezbonlik qildi. Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz viloyatlari hamda Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan tashrif buyurgan 500 dan ziyod avtohavaskor va professional transportchilar avtoulovlari bilan ishtirok etdi. Ular orasida oʻz davrining eng talabgori boʻlgan retro mashinalardan tortib, har jihatdan qulay va zamonaviy uchqur “ot”largacha bor. Ertalab boshlangan festivalga 50 dan koʻproq mashinalarning viloyat markazi koʻchalari boʻylab harakatlangan paradi bilan start berildi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan yoshlarning kasb-hunarga boʻlgan qiziqishini orttirish, yosh texnik va avtohavaskorlarni qoʻllab-quvvatlash, avtomobil tyuningi sanoatini rivojlantirish, avtoishqibozlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida uyushtirilgan anjuman rang-barang dasturlari bilan ishtirokchilar yodida saqlanib qoladigan boʻldi. Xususan, tadbirdan bir kun avval Namangan shahridagi “Avto car part” masʼuliyati cheklangan jamiyati binosida shahar va tumanlardan saralab olingan hunarmandlar oʻrtasida “Yosh avtoustalar” musobaqasi uyushtirildi. Uning qatnashchilari bir necha nominatsiyalar boʻyicha bahsga kirishib, oʻz mahoratlarini namoyish qildi. Shundan keyin havaskorlar oʻrtasida tashkil etilgan karting-slalom sporti boʻyicha chempionatda yosh kartingchilar toʻsiqlardan oʻtish va tezkor harakatlanish boʻyicha koʻnikmalarini amalda koʻrsatdi.

— Hozirga qadar bar qator qoʻshni davlatlarda oʻtkazilgan avtofestivallarda qatnashib, tajriba va imkoniyatlarimizni koʻrikdan oʻtkazganmiz, — deydi Toshkentdagi “Putstop premium” guruhi rahbari Farhod Daminov. — Mamlakatimizda birinchi boʻlib Namanganda uyushtirilgan anjumanga BMW, Audi va boshqa rusumlardagi 8 ta poyga avtomobilini olib keldik. Ularning baquvvat dvigateli va shiddatkor qoʻzgʻalishi, avtosportchilarimizning chaqqonlik bilan bajargan amaliyotlari tomoshabinlarni hayratga soldi.

Aytish kerakki, Namanganda avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, ular tyuningi sohasida boy tajriba toʻplangan. Buni viloyat boʻyicha 10 mingdan ziyod ayni yoʻnalishga ixtisoslashgan subyektlar faoliyat koʻrsatib, ularda yuz mingga yaqin yoshlar “Ustoz-shogird” tamoyilida mehnat qilayotganligi ham tasdiqlaydi.

— Avtohavaskorlar uchun qadrli boʻlgan tyuning sohasi respublikamizda jadal rivojlanib bormoqda, — deydi toshkentlik yakka tartibdagi tadbirkor Mirsulton Ergashev. — Ayni amaliyot bilan avtomobilga oʻzgacha chiroy kirib, u bamisoli qoʻgʻirchoqday yasanadi. Festival davomida namanganlik hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik, maxsus ustaxonada mahorat darslari oʻtildi.

Shanba kuni kechga qadar davom etgan xalqaro anjuman bir qator madaniy koʻngilochar dasturlar bilan yanada mazmunli kechdi. Minglab avtohavaskorlarni bir yerga jamlagan festivalga yuz mingga yaqin tomoshabin, shu jumladan, qirq mingdan koʻproq mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurib, asrimizning shiddatkor sohasi yutuqlari bilan yaqindan tanishganligi esa alohida eʼtirofga loyiq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер