“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi — jahon erkin zonalar tashkiloti aʼzosi

15:52 13 Aprel 2026 Jamiyat
215 0

“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi 2026-yil uchun dunyodagi nufuzli xalqaro tuzilmalardan biri — Jahon erkin zonalar tashkiloti (World Free Zones Organization)ning ovoz berish huquqiga ega aʼzosi sifatida qabul qilindi.

Mamlakatimizda investitsiyalarni jalb qilish, eksportni oshirish va zamonaviy ishlab chiqarishlarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan maxsus iqtisodiy hududlardan biri hisoblanadigan “Namangan” EIZ viloyatning investitsion jozibadorligini oshirish, xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim rol oʻynamoqda.

Bu yerda chet el investitsiyalarini jalb qilish, eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, mahalliy xom ashyoni qayta ishlash kabi yoʻnalishlarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, toʻqimachilik va tayyor kiyim-kechak, oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektrotexnika va maishiy texnika, farmatsevtika, metallurgiya sanoatlari erkin iqtisodiy zonasida yaratilgan qulay shart-sharoit, keng imkoniyatlar asosida jadal rivojlanmoqda.

Fargʻona vodiysidagi katta isteʼmol bozori, arzon va malakali ishchi kuchi, Markaziy Osiyo bozorlariga yaqinlik, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash kabi afzalliklar bu borada katta ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur tashkilot tomonidan Namangan erkin iqtisodiy zonasiga aʼzolik sertifikati taqdim etildi. Unga koʻra, zona 2026 kalendar yili uchun rasman tashkilotning toʻlaqonli ishtirokchisi sifatida eʼtirof etildi. Jahon erkin zonalar tashkilotiga aʼzolik “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining, xalqaro investorlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish va joriy etish, eksport salohiyatini oshirish, global iqtisodiy tarmoqlarda faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bu esa oʻz navbatida, viloyatda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ish oʻrinlari yaratish va hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Akramjon Sattorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер