“Namangan EIZ”da uch ming nafarga yaqin ish oʻrinlari yaratildi
Foto: “Xalq soʻzi”
“Oʻzbekiston-2030 strategiyasi”ning ikkinchi ustuvor vazifasi boʻlgan “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash” vazifalari doirasida Namangan erkin iqtisodiy zonasida qiymati 675,4 mln. dollarlik 29 ta loyihani amalga oshirish va 11088 ta yangi ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan.
Bu yerda tadbirkorlik subyektlarining oʻz bizneslarini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyishi uchun zarur infratuzilma va ishlab chiqarish sharoitlari yaratilgan boʻlib, hozirga kelib qiymati 79,0 mln. dollarlik toʻrtta loyiha ijrosini topdi. Faoliyat boshlagan subyektlarda 2950 kishi mehnat qilmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida EIZda joylashgan korxonalar tomonidan 384,6 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Ular tomonidan bajarilgan eksport amaliyotlari hajmi 17,4 mln. dollarni tashkil etdi.
Kuni kecha bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori mazmun-mohiyati bilan tanishtirish maqsadida hududda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan investorlar ishtirokida oʻquv seminar tashkil etildi. Unda EIZga xorijiy sarmoyadorlar ham kirib kelayotgani, xususan, 279,3 million dollar qiymatidagi 11 ta loyiha ijrosiga qiziqish bildirgan Niderlandiya, Xitoy, Turkiya va Pokiston davlatlari kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida ham soʻz yuritildi.
— Mintaqadagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalariga joylashtirilayotgan istiqbolli loyihalar ijrosi mahalliy iqtisodiyot rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshilmoqda, —deydi viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Qobiljon Inomov. – Buni, jumladan, joriy yilning toʻqqiz oyida viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 14,8 trillion soʻmdan ortib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7 foiz oʻsishga erishilganida koʻrish mumkin. Ushbu hajmda kichik biznesning ulushi 37, 6 foizga yetdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring