Namangan–Dehli aviaqatnovi yoʻlga qoʻyildi

15:45 06 Aprel 2026 Jamiyat
162 0

3-aprel kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan Namangan xalqaro aeroportidan Namangan–Dehli–Namangan yoʻnalishida yoʻlga qoʻyildi. Hozircha haftasiga bir marta — har juma kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur aviaparvozlarni talab va ehtiyojdan kelib chiqib kelgusida haftasiga 2-3-martagacha koʻpaytirish ham koʻzda tutilgan.

Shu vaqtga qadar Dehli shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar faqat Toshkent xalqaro aeroporti orqali amalga oshirib kelinganligini nuqtayi nazaridan yangi aviayoʻnalish nafaqat Namangan viloyati, balki butun Fargʻona vodiysi aholisi hamda mehmonlari uchun yaratilgan qulaylik sifatida muhim yangilik boʻldi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi mazkur reyslarni zamonaviy Airbus A320 rusumli havo kemalarida amalga oshiradi.

Ushbu yoʻnalishning ochilishi hududda turizm salohiyatini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda “Namangan xalqaro aeroporti”orqali nafaqat MDH davlatlari, balki Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarining yirik shaharlariga muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Hozirda aeroportda olib borilayotgan rekonstruksiya va zamonaviy andozalarda yangi qurilish ishlari nihoyasiga yetgach viloyat havo darvozasining imkoniyatlari yanada kengayadi.

Akramjon Sattorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер