Namangan davlat texnika universitetida xalqaro akademik hamkorlik mustahkamlanmoqda

10:12 26 Mart 2026 Jamiyat
222 0

Joriy oʻquv yilida Namangan davlat texnika universitetida ayni yoʻnalishda muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, kuni kecha I.Razzaqov nomidagi Qirgʻiz davlat texnika universitetidan 17 nafar 2–3-bosqich energetika va mehnat muhofazasi yoʻnalishi talabalari akademik almashinuv dasturi asosida bu yerga tashrif buyurdi. Dastlabki kuni ular bilan oʻtkazilgan suhbat davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi umumiy qadriyatlar, ilmiy va amaliy tajriba almashinuvi, shuningdek, turli sohalardagi uzoq yillik hamkorlik aloqalari alohida eʼtirof etildi. Talabalar oʻz mutaxassisliklariga muvofiq ravishda universitetning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha guruhlarga taqsimlandi. Shu bilan birga, tashrif doirasida oʻquv jarayonlari bilan bir qatorda sport, madaniy va maʼrifiy tadbirlarni tashkil etiladi.

Maʼlumot uchun, ushbu delegatsiya Namangan davlat texnika universitetida 11 kun davomida stajirovka va akademik mobillik dasturlarida ishtirok etib, bu yerdagi ilgʻor tajribalarni oʻrganishi, tengdoshlari bilan oʻzaro fikr almashishi hamda dars mashgʻulotlarida bevosita ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

— Namangan davlat texnika universitetida yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquv jarayonlarining zamonaviy tashkil etilgani va talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bizda katta taassurot qoldirdi, — deydi Qirgʻiz davlat texnika universiteti oʻqituvchisi Samat Umetaliyev. — Bu kabi akademik almashinuvlar ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi.

Xalqaro hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida universitetda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yoshlar doʻstlik bogʻi” barpo etildi. Ushbu tashabbusda mehmon talabalar hamda universitetning “Yashil makon” volontyorlari faol ishtirok etdi. Ayni jarayonda yuz tupdan ziyod manzarali va meva daraxt koʻchatlari ekilib, yangi yashil maskan yaratildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер