Nafosat va ulugʻvorlik ramzi
Foto: Халқ сўзи
Fargʻona shahridagi “Fayz” tantanalar majmuasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi. Unda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, shuningdek, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo ishtirokchilarni qutlugʻ sana munosabati bilan samimiy muborakbod etdilar.

Viloyat rahbari tabrik soʻzida nafosat va ulugʻvorlik ramzi – ayolni qadrlash, unga hamisha ehtirom va eʼzoz koʻrsatish davlatning, jamiyatning asosiy vazifasi ekanini taʼkidladi.Oʻzbekiston Qahramonlari Manzura Madaliyeva, Lolaxon Murotova, Oʻzbekiston xalq artistlari Shafoat Rahmatullayeva, Yorqinoy Hotamova, Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova, “Fargʻona anorchilik” agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfuddinova kabi koʻplab fargʻonalik opa-singillarimizning yurt rivojiga katta hissa qoʻshayotgani va barchaga oʻrnak boʻlayotganini eʼtirof etdi.

Tadbir davomida viloyat ijtimoiy hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilalar farovonligi, onalik va bolalikni muhofaza qilishga munosib hissa qoʻshgan, maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, milliy qadriyatlarni keng targʻib etishdagi ibratli faoliyati uchun 21 nafar fargʻonalik faollarga “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni topshirildi.

Shuningdek, bir guruh faol xotin-qizlar Fargʻona viloyati hokimligi faxriy yorligʻi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Samimiy tilaklar estradamiz yulduzlari, mashhur sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketdi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring