Na avtomobildan darak bor, na puldan umid bor...
Insoniyat tarixiga nazar soladigan boʻlsak, eng buyuk ixtirolardan biri, shubhasiz, avtomobil yaratilishi bilan bogʻliq. Uzoqni yaqinlashtiruvchi ushbu qurilma gohida ikki yaqin insonni bir-biridan uzoqlashtirib yuborishi ham mumkin. Qanday deysizmi? “Avtolizing“ haqida eshitmagan koʻrinasiz.
Bugungi kunda isteʼmolchi va tadbirkor orasidagi muammo va mojarolarning aksariyat qismi aynan “avtolizing“ tashkilotlarining “xurmacha hunarlari“ sababli yuzaga kelmoqda. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushgan navbatdagi ariza mazmuni ham yuqoridagi mavzuga aloqador. Anchadan buyon avtomobil xarid qilish niyatida pul jamgʻarib yurgan Rustam Ahrorov ham qayerdandir 30% boshlangʻich toʻlov evaziga 3 yil muddatga kredit asosida avtomashina beradigan MCHJ haqida eshitib qoladi. 27-iyul kuni Buxoro shahri A.Somiy koʻchasi 36-uyda istiqomat qiluvchi qahramonimiz Buxoro shahar B.Naqshband koʻchasida joylashgan “Orient Avto Lizing” MCHJ ga tashrif buyurdi va “Spark“ avtomashinasi xarid qilish maqsadida 29.810.000 soʻm boshlangʻich toʻlovni amalga oshirdi. Shartnomada belgilangan muddat yetib keldi-yu, mashinadan esa darak yoʻq. MCHJ ga murojaat qilganida, biroz kutib turishini aytishdi. Kutib- kutib charchagan isteʼmolchi kunora MCHJga borib keladigan boʻldi. Kundan kunga xaridorning xunobi, tadbirkorning bahonalari oshib boraverdi.
Qoniqarsiz javoblarni eshitaverishdan charchagan R.Ahrorov najot istab Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga yozma murojaat qildi. Soha mutaxassislari tomonidan sinchkovlik bilan xolat oʻrganilgach, muammo isteʼmolchi foydasiga hal etildi. R.Ahrorov 29.810.000 soʻm toʻlagan pulini toʻliq qaytarib oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring