Muzey-qoʻriqxonaning 100-yilligi nishonlanmoqda

15:25 10 Noyabr 2022 Jamiyat
748 0

Foto: Xalq so‘zi

Madaniy-moddiy boyliklarni saqlash, avaylab asrash, oʻrganish, namoyish etish va kelajak avlodga yetkazishni muzeylarsiz tasavvur etish mushkul. Qolaversa, ularning milliy oʻzligimizni anglash, shuningdek, turizm ravnaqidagi oʻrni benihoya katta. 1922-yilda Buxoroda birinchi muzeyni ochayotib, buyuk ajdodlarimiz masalaning shu jihatlarini inobatga olishgan, albatta.

Buxorodagi birinchi muzey tashabbuskori Qori Yoʻldosh Poʻlatov oʻsha damda kamtarlik bilan «Biz bu yoʻlda gʻoyat oz ishlab, kichik bir narsani maydonga keltirdik. Xalqimizning boy oʻtmishi, ota – bobolardan qolgan madaniy meros oʻnlab muzeyga sigʻmaydi», degan taʼsirchan soʻzlarni aytgan ekan. Maʼrifatparvar, jurnalist, jadid, keyinchalik “xalq dushmani” degan tamgʻa ostida ne-ne azob-uqubatlarni boshidan kechirgan bu insonning haqligini odil hakam – Vaqt koʻrsatdi. Hozir qadimiy Ark qoʻrgʻonida joylashgan Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasining tarkibida 16 ta filial (shulardan 2 tasi uy-muzey, 2 tasi memorial muzey) va 2 ta doimiy koʻrgazma mavjud. Bu muzeylarda 10 mingdan ziyod eksponat namoyishga qoʻyilgan.

— Taʼkidlash joizki, mahalliy hokimlikning 1991-yil 18-yanvardagi №4/1 sonli qarori asosida bir qator tarixiy yodgorliklarda muzeylar tashkil etishga kirishildi, — deydi muzey- qoʻriqxona masʼul xodimi Sherali Joʻrayev. — Temirchilik hunari tarixi muzey-ustaxonasi fikrimizning dalilidir. U sayyohlik yoʻnalishining markazida joylashganligi bilan alohida ajralib turadi. Xuddi shu paytda Magʻoki Attor masjidi binosida Oʻzbekistonda yagona boʻlgan Gilamlar muzeyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Umuman, mustaqillikdan keyingi yillarda xorijiy va mahalliy sayyohlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda koʻplab yangi koʻrgazmalar, ekspozitsiyalar tashkil qilinmoqda. Deylik, 1993-yilda Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasida “Naqshbandiya tariqati” muzeyi tashkil etildi. U yurtimizdagi tasavvuf taʼlimotiga bagʻishlangan yagona muzey sanaladi. Maskan tashrif buyuruvchilar soni boʻyicha Buxorodagi muzeylar orasida yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Undagi sayyohlar diqqatini tortuvchi buyumlar sirasiga XVIII asrga oid katta Qurʼon kitobi, Ulugʻbek madrasasi eshigidagi kitoba, Sayfiddin Boxarziy qabri yogʻoch panjaralarini misol tariqasida keltirish mumkin.

Ana shunday noyob osori atiqalarni oʻz bagʻriga olgan Buxoro davlat muzey — qoʻriqxonasi shu kunlarda oʻzining 100-yilligini nishonlamoqda.Chunonchi, bugun koʻhna Ark qoʻrgʻonida shu sana munosabati bilan teatrlashtirilgan konsert namoyish etildi. Yurtimiz tarixining turli davrlaridan hikoya qiluvchi sahna koʻrinishlari mahalliy va xorijiy sayyohlarning katta qiziqishiga sabab boʻldi. Aholi, xususan, yoshlarning milliy oʻzligimiz, qadriyatlarimiz, boy tariximizga oid bilimlarini oshirishga, ularni ona-Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi bu kabi tadbirlar davom etmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi” 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер