Mutolaa va kitobxonlik madaniyati targ‘iboti

18:22 14 Aprel 2023 Jamiyat
1177 0

Foto: Xalq so'zi

Mamlakatimizda bu yil uchinchi bor tashkil etilgan “Kitobxonliuk haftaligi” Namangan viloyatida ham bir qator adabiy, ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarga boy holda nishonlandi. Ularning barchasi aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishni keng targ‘ib etish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bo‘lib, joylarda uyushtirilgan uchrashuv, mushoira va ko‘rgazmalarning har birida yuzlab adabiyot va ijod ihlosmandlari qamrab olindi.

- “Kitobsevar millat” shiori ostidagi III – Respublika “Kitobxonlik haftaligi” biri-biridan mazmunli tadbirlar bilan yodda qoladigan bo‘ldi, - deydi Nodirabegim nomli viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Mavluda Jo‘raboyeva. – Birgina bizning markazimizda tashkil etilgan “O‘qing, yangi adabiyotlar” ko‘rgazmasi, xuquqiy bilimlar sinovi viktorinasi, O‘zbekiston xalq shoiri Habib Sa’dulla tavalludining 81 yilligiga bag‘ishlangan yodnoma kechasi, “Yo‘l-yo‘lakay o‘qiymiz” loyihasi doirasidagi yangi adabiyotlar yuzasidan QR-kodli kitoblar tablosi targ‘iboti va boshqa dasturlar ishtirokchilarning adabiyot, kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirishga xizmat qilishi turgan gap. Yangiqo‘rg‘onlik adib Qambar Haydarning “Bir shoda marjon” deb nomlangan yangi kitobi taqdimotida mahalliy ijodkor izlanishlarining o‘ziga hos qirralari haqida gap bordi.

Foto: Xalq so'zi

Ta’kidlash kerakki, haftalik doirasidagi “Kutubxonaga qo‘lingni cho‘z” aksiyasining ommaviy tus olishi bilan joylardagi umumta’lim maktablarining kutubxonalari ota-onalar va homiy tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan adabiyotlar bilan yanada boyidi. “Xalq so‘zi” gazetasi tahririyati ham aksiya doirasida viloyat axborot-kutubxona markaziga 350 ga yaqin adabiyotlarni sovg‘a qildi. Ushbu yangi kitoblar viloyat shahar va tumanlaridagi 13 ta axborot-kutubxona markazlari xazinasidan o‘rin oladi.

Foto: Xalq so'zi

“Kitobsevar millat” shiori ostidagi haftalik Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston-yoshlar ziyo maskani”da ham kitobxonlar uchun ochiq eshiklar kuni, adabiyotlar yarmarkasi va boshqa bir qator tadbirlar bilan yodda qolarli qilib nishonlandi. Ayniqsa, bu yerda kitoblar nomlaridan tashkil topgan “Qo‘rqma”, “Men”, “Liderlar” jamoalari o‘rtasida uyushtirilgan “Zakovat” intellektual o‘yini ishtirokchilarning tezkorlik, yuqori bilim va salohiyati bilan ajoyib bahslar kechasiga aylandi.

“Kitobxonlik haftaligi” shuningdek, tuman axborot-kutubxona markazlari, umumta’lim maktablari kutubxonalari, oliy o‘quv yurtlari axborot-resurs markazlarida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilib, chinakam ma’rifat bayrami tusini oldi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер