Mutolaa bayrami
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasida Xalqaro bolalar kuniga bagʻishlangan bolalar kitoblari haftaligi boʻlib oʻtmoqda.
Maktab oʻquvchilari va keng jamoatchilik ishtirok etayotgan ushbu haftalikdan koʻzlangan asosiy maqsad — yoshlarni bolaligidanoq mutolaaga oʻrgatish, ularning maʼnaviy hamda intellektual salohiyatini yanada rivojlantirishdan iborat.
Haftalik doirasida “Kitoblarning tugʻilgan kuni”, “Mutolaa uchun tavsiya qilingan kitoblar”, “Ertak terapiya”, “Moviy jomadon tashrifi”, “Yubilyar ertak kitoblari — mehmonda”, “Topgan topaloq”, “Sevimli kitobim muqovasi” singari mavzularda qiziqarli oʻyinlar, mushoiralar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlar oʻtkazilmoqda.
— Prezidentimizning biz, yoshlar kamolotiga eʼtiborini har kuni, har qadamda koʻrib, his qilib turibmiz, — deydi Yunusobod tumanidagi 265-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Zebo Jamolova. — Ushbu tadbir ham bizni bilimlar manbai boʻlgan kitobga oshno qilishga qaratilgan. Haftalikmutolaa bayramiga aylandi. Uning doirasida Oʻzbekiston milliy kutubxonasi boʻylab sayohat qildik. Xuddi ertaklar olamining sehrli qasriga kirib qolgandek boʻldim. Ochigʻi, bu yerda kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Auditoriyalar keng va yorugʻ. Jahon bolalar adabiyotining eng sara namunalari bor.
Haftalik 5 aprelga qadar davom etadi.
Muhammadjon AHMADJONOV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring