“Mutant” virus — jiddiy tahdid — Merkel

10:39 22 Yanvar 2021 Dunyo
1329 0

Germaniya kansleri Angela Merkel Berlinda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida mamlakat pandemiyaning eng ogʻir davrini boshidan oʻtkazayotganini maʼlum qildi.

Uning aytishicha, koronavirusga chalinish bilan bogʻliq yangi holatlar, shunga yarasha intensiv terapiya boʻlimidagi bemorlar soni kamayib bormoqda va bu qatʼiy cheklov choralari sharofatidandir. Ammo kasallanganlar orasida oʻlim darajasi xavotirli darajada yuqoriligicha saqlanib qolyapti. Boz ustiga, koronavirusning «britancha shtammi» jiddiy tahdid solmoqda.

«Dunyoda kasallanish bilan bogʻliq holatlar qancha koʻpayayotgan boʻlsa, bu Germaniya va umuman Yevropada virusning mutatsiyaga uchrash ehtimoli shuncha katta ekanligidan dalolat beradi, — degan u. — Bundan qochish uchun virusni yuqtirish sonini minimal darajaga tushirishdir. Agar uni tashuvchilar qancha kam boʻlsa, u bu qadar faol mutatsiyaga uchramaydi».

Nemis hukumati rahbarining aytishicha, asosiy vazifa pandemiyaning uchinchi toʻlqinining oldini olishdir. Chunki epidemiologlar uning oqibatlari birinchi va ikkinchi toʻlqindan ham koʻra jiddiy koʻrinish olishi haqida xavotir bilan gapirishyapti.

Merkel pandemiyaga qarshi kurashishda qatʼiy choralarni qoʻllab-quvvatlashini bildirgan. Zero, Germaniyada bu boradagi manzara ikki xil qiyofa kasb etyapti. Virusga chalinayotganlar soni pasaymoqda, ammo kunlik oʻlim holatlari juda yuqoriligicha qolyapti. Shu bois kansler odamlarni virusning yangi shtammidan ehtiyot boʻlishga chaqirdi. U iloji boricha chegara nazorati kuchaytirilmasligi, ammo agar qoʻshni davlatlar bu borada qatʼiylik koʻrsatib, virus mutatsiyasini toʻxtata olishmasa, shunga majbur boʻlishini maʼlum qilgan. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер