Mutaxassislar Yaponiya kompaniyasida malaka oshirib qaytishdi
Neft va gazdan turli mahsulotlarni tayyorlashda xorijiy ilgʻor kompaniyalarning murakkab konstruksiyali texnologik qurilmalaridan foydalaniladi. Ularni uzoq muddat xavfsiz va uzluksiz ishlashini taʼminlash hamda sifatli texnik xizmat koʻrsatish uchun esa albatta malakali kadrlar talab etiladi.
Shuni inobatga olgan holda “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidagi korxona va tashkilotlarda kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Ushbu tadbirlar doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Shoʻrtan gaz kimyo majmuasining bir guruh mutaxassislari Yaponiya davlatida boʻlib, “Mitsubishi Heavy Industries Compressor” kompaniyasining oʻquv-trening kursida malaka oshirib qaytishdi.
Unda “Mitsubishi” kompaniyasining majmuaga oʻrnatilgan bugʻ turbinalari va kompressorlardan foydalanishda xavflarni kamaytirishning yangi usullari oʻrganildi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan jarayonlar bevosita amaliy mashgʻulotlar orqali koʻrsatib berildi.
Murakkab konstruksiyali texnologik qurilmalar va mashina mexanizmlariga texnik xizmat koʻrsatish jarayonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maxsus video darslik va effektlardan foydalangan holda tushuntirib berildi.
Mutaxassislar tomonidan oʻzlashtirilgan malaka va koʻnikmalar ishlab chiqarish jarayonlarini yanada toʻgʻri tashkil etish hamda yosh kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring