Musofirchilikda hunar juda asqatar ekan — Dilorom Quvvatova

15:54 08 Noyabr 2023 Jamiyat
264 0

Xalqimizda “Hunar — hunardan rizqing unar”, “Hunarli xor boʻlmas”, “Aql koʻpga yetkazar, hunar — koʻkka” kabi yuzlab maqollar borki, ularning zamirida biror-bir hunarni egallab, uni daromad manbaiga aylantirgan kishining ham oʻz oilasi farovonligini taʼminlashi, ham elga, yurtga naf keltirishi ifodalanadi.

Qashqadaryolik mohir hunarmand ayol — Dilrabo Quvvatovaning hikoyalarini tinglab, bunga yana bir bor amin boʻlasiz.

Tadbirkorlikni 9-sinfda boshlaganman

Asli Kasbi tumanining Pandiron qishlogʻidanman. Otam ham, onam ham ziyoli insonlar. Ular bir umr qishloqdagi maktabda oʻqituvchilik qilishdi.

Koʻpchilik ota-onasining kasbiga havas qilib, kelgusida shu yoʻnalishdan ketishadi. Menda esa bunday boʻlmadi. Yoshligimdan momamning kasbiga qiziqdim. U kishi mohir tikuvchi edi. Momamning ishlarini kuzatib, bu hunarni juda erta oʻrganib oldim. Ilk marotaba oltinchi sinfligimda oʻzim va singlim uchun koʻylak tikkanman, juda chiroyli chiqqan. Toʻqqizinchi sinfda oʻqib yurganimda esa buyurtmalar ola boshladim. Hatto maktabdagi oʻqituvchilarimning koʻpchiligi koʻylaklarini menga tiktirishardi.

Hali ham kulib eslayman, koʻpincha oʻqituvchilarimiz koʻylakni qarzga tiktirar va maosh olgan kuni hammasi xizmat haqimni keltirib berar, men esa kattagina miqdordagi pulni olib, uyga gʻurur bilan qaytardim. Shunday qilib, bu ishga shoʻngʻib ketdim.

1997-yilda maktabni tamomlab, hujjatlarimni oliy oʻquv yurtiga topshirdim. Biroq talabalik baxti nasib etmadi. Ammo bundan koʻpam afsuslanganim yoʻq. Chunki qoʻlimda hunarim, oldimda boshqa rejalarim ham bor edi. Kollejda oʻqidim, tikuvchilik boʻyicha turli kurslarga qatnab, tajribamni yanada oshirdim, qishloqda nomdor tikuvchiga aylandim.

Rossiyaga majburlikdan bordim

Turmushga chiqqach ham chevarlikni davom ettirdim. Xoʻjayinim esa Rossiyaga borib ishlab kelar, topish-tutishimiz yaxshi, hayotimiz farovon edi.

Biroq kishining boshida kutilmagan sinovlar boʻlar ekan. 2014-yilda bir muddat turmush oʻrtogʻimning ishida qiyinchiliklar yuzaga keldi. Boz ustiga bir baxtsiz hodisa tufayli katta miqdorda qarzga kirib qoldik. Vaziyatni oʻnglash uchun uch farzandimni tashlab, turmush oʻrtogʻimning yoniga, Rossiyaga yoʻl oldim, birga ishlay boshladik.

Muhojirlikda dastlab turli ishlarda ishlab koʻrdim, boʻlmadi. Shundan soʻng “hunarimdan qoʻymasin” deb oʻsha yurtlarda oʻzbekcha chopon, koʻrpa-koʻrpacha tikib sota boshladim. Bir pastda mijozlarim koʻpayib ketdi, mohir tikuvchi sifatida nom qozondim. Tikish-bichishga epim borligini eshitgan bir firma rahbari meni ishga taklif qildi. Bordim...

Pul topdimu, qadr topmadim

Meni ishga olgan firma turli tashkilotlar, masalan mehmonxona, yotoqxona, bogʻchalarning “tekstilnыy” ishlari, yaʼni parda oʻrnatishdan tortib, “matros”, koʻrpa, choyshab va yostiqlargacha boʻlgan barcha buyumlarini tayyorlab berish bilan shugʻullanar ekan.

Men bu ishni juda tez oʻzlashtirib, qisqa vaqt ichida firmada deyarli ish yurituvchiga aylandim. Tikuvchilikka uquvi boʻlgan olti nafar yurtdoshimizni yonimga chorlab, alohida brigada tashkil qildim.

Endi firma rahbari faqat “obyekt” topib, shartnoma tuzib kelar, shundan soʻng qolgan ishlarga aralashmas, men odamlarim bilan borib, buyurtmani bajarib qaytardim.

Bu ishga shu darajada kirishib ketdimki, qancha koʻp mehnat qilsam, shuncha rohat olardim. Qanday katta hajmli buyurtma boʻlmasin, sheriklarim bilan birga aytilgan muddatiga yetkazmasdan bajarib berardik. Masalan, bir mehmonxonaning 80 ta xonasidagi barcha parda, choyshab va yostiqlarni 6 kishi 24 kunda tikib, oʻrnatib berganmiz. Mehmonxona rahbarlari ham bundan rosa hayratlanishgan.

Xullas, ishim juda rivojlanib ketdi. Hatto Rossiyadagi eng mashhur mehmonxonalar ishlarini bizga topshira boshladi. Daromadim ham zoʻr edi. Ammo...

Ishi rivojlanib ketayotgan insonni koʻrolmaydigan, uni yiqitish payida boʻladiganlar hamma joyda bor ekan. Bizning buyurtmalarimiz soni kundan-kunga oshib borayotganini koʻrgan raqobatchilarimizdan biri nohalol yoʻl tuta boshladi. Hatto oʻldirib ketish haqidagi tahdidli gaplar boʻldi. Bundan zarracha qoʻrqqanim yoʻq. Lekin begona yurtdaligim, musofirligim juda-juda alam qildi. Ish ham, pul ham yuragimga sigʻmay qoldi. Hammasiga qoʻl siltab, toʻplagan 14 ming AQSH dollaridan koʻproq sarmoyamni oldimu, yurtimga qaytdim. Oʻshanda 2018-yilning bahor oylari edi.

Oylik sof foydam 30 milliondan kam emas

Toʻgʻrisi, Rossiyadagi faoliyatim ham men uchun juda katta tajriba maktabi boʻldi. Masalan, u yerda eng zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlashni oʻrgandim. Ayniqsa, menga ish joyimdagi “koʻrpa qaviq uskunasi” juda maʼqul kelgandi. Chunki qoʻlda bir kunda arang ikkita koʻrpa tayyorlasangiz, ushbu texnologiya yordamida kuniga 300 ta koʻrpa tikish mumkin. Shu bois Oʻzbekistonga qaytgach, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatida shunday uskuna izlay boshladim. Oxiri uni Xitoydan buyurtma qildim. Pulimning qolgan qismiga esa zamonaviy tikish mashinalari sotib oldim. Shunday qilib, tadbirkorlikni boshlab yubordim.

Hozir 6 ta tikuvchi hamda 14 nafar kasanachini ishga yollaganman. Birgalikda koʻrpa, koʻrpacha, yostiq, chopon va shu kabi buyumlarni tikamiz. Bogʻcha, mehmonxonalar uchun choyshab, “matras”lar tayyorlaymiz. Xullas, buyurtmalar juda koʻp. Daromadimiz ham kam emas. Masalan, oʻzimga qoladigan oylik sof foyda 30 milliondan kam boʻlmaydi. Ishchilarim ham bajargan ishining salmogʻiga qarab bir oyda 2 milliondan 5 milliongacha daromad topishmoqda.

Prezidentimiz bilan ikkinchi marotaba uchrashdim

Joriy yilning iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan viloyatimizda oʻtkazilgan targʻibot tadbirlarida Prezidentimiz bilan ilk marotaba uchrashgan edim. 24-25-oktyabr kunlari Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashriflari chogʻida yana bir bora Yurtboshimiz bilan koʻrishib, suhbatlashish baxtiga muyassar boʻldim.

Toʻgʻrisi, Prezidentimizning mendek bir oddiy tadbirkor ayolning faoliyati bilan qiziqib, rejalarimizni tinglab, oʻz maslahatlarini berishi menga juda katta kuch, shijoat, ishonch bagʻishladi. Yangi-yangi rejalar, maqsadlar sari ilhomlantirmoqda.

Masalan, oʻzim koʻrpa qavishda foydalanayotgan texnologiya faqat Xitoyda ishlab chiqariladi. Rossiya ham, Turkiya ham, boshqa davlatlar ham uni Xitoydan xarid qilishadi. Aslida ushbu uskunaning ikkita murakkab qismi bor, xolos. Ana shu ikkita qismni Xitoydan xarid qilib, qolganini yurtimizda ishlab chiqarish va yigʻish mumkin. Hozir ana shu loyiha ustida ishlayapman. Bundan tashqari, faoliyatimni kengaytirib, yana ikkita joyda sex tashkil qilish harakatidaman. Xullas, rejalarim juda koʻp. Eng asosiysi, ularni amalga oshirish uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar mujassam.

Jahongir BOYMURODOV (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер