Murojaatnomada Oʻzbekistonning kelgusi taqdiri belgilandi
Foto: Arxiv surat
Shu yilning 20-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasini taʼlim sohasining yoshi ulugʻ vakili sifatida zoʻr hayajon bilan tingladim.
Murojaatnomada belgilangan har bir vazifalar va 2023-yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yili deya nomlanishi, aytish mumkinki, Oʻzbekistonning kelgusi taqdirini belgilab berdi.
Yosh avlodni komil insonlar qilib voyaga yetkazishda, ular ongu shuuriga bilimga chanqoqlikni, odamiylik, mehr-oqibat, ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuygʻularini singdirishda, bir soʻz bilan aytganda, jamiyatimizning munosib fuqarosi sifatida mustaqil hayotga qadam qoʻyishida oʻqituvchi va murabbiylarning hissasi beqiyosdir. Zotan, xalqimiz “Ustoz otangday ulugʻ”, deya bejiz lutf etmaydi.
Ammo, afsuski, yaqin tariximizda buning aksini koʻp koʻrdik. Faqat soʻnggi 5-6 yilda oʻqituvchiga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgardi. Bir paytlar koʻcha tozalash, bahorda chopiq, yozda uzum terish, kuz paxta yigʻishga jalb qilingan oʻqituvchilar chin maʼnoda maktabga qaytdi. Ularning taʼlim bilan shugʻullanishi, oʻz ustida ishlashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Murojaatnomada belgilangan vazifalar soʻnggi yillarda taʼlim sohasiga, oʻqituvchilarga berilayotgan eʼtiborning mantiqiy davomi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Murojaatnomada “Oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarur”, deya taʼkidladi. Shuningdek, “Taqdirimizni muallim, murabbiy hal qiladi”, dedilar.
Bu ustozlarga berilgan ulkan ishonch va masʼuliyat, deb bilaman. Shunday ekan, bugun har bir taʼlim sohasi xodimi oʻz ustida erinmay mehnat qilishi, tinimsiz izlanishi, bilim javohirlarini yigʻib, uni shogirdlariga ulashishi darkor.
Saidahmad USMONOV,
Samarqand viloyat hokimining taʼlimni
rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring