Murojaatlarni oʻrganishda yangicha yondashuv
Foto: Xalq so‘zi
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tashabbusi bilan fuqarolar murojaatlarini oʻrganishda yana bir yangilikka qoʻl urildi.
Joriy yilning 16-iyul kuni ilk bor viloyatdagi barcha Xalq qabulxonalarida bir kunda, bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari viloyat, shaharlar va tumanlar Kengashlari deputatlarining fuqarolar uchun ommaviy sayyor qabullari oʻtkazildi. Deputatlar bilan birga mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham sayyor qabulga jalb etildi.
Qizgʻin jarayonda fuqarolar bevosita xalq noiblariga oʻzlarini qiynayotgan muammolar, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qildi. Murojaatlar tinglanib, ularning bir qismi shu yerning oʻzida shahar-tuman korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ijobiy hal qilingan boʻlsa, qolganlari oʻrganib chiqish hamda sessiyada koʻrib chiqish uchun nazoratga olindi.

Xususan, viloyat Xalq qabulxonasi binosida fuqarolarni xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari qabul qildi.
— Oʻgʻlim xasta, jismoniy rivojlanishdan toʻxtab qolgan, — deydi Samarqand shahri Xishrav mahallasida istiqomat qiluvchi K.Rahmatova. — Shifokorlar uning kasaliga aniq bir tashxis qoʻya olishmayapti, shifoxonama-shifoxona yurib, sarson boʻldik. Baʼzi doʻxtirlar uni Samarqandda davolab boʻlmaydi, xorijga olib borish kerak, deyishyapti. Oilaviy sharoitim ogʻir. Bunga imkoniyatim yoʻq. Deputatlardan najot istab keldim.
Fuqaroning murojaati shu yerning oʻzida ijobiy hal etildi. Deputat Shohrux Joʻraqulov aralashuvi bilan murojaatchining farzandi viloyat bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasiga yotqizilib, bepul davolanadigan boʻldi. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Davron Jumaniyozov bemor bolani viloyatimizning eng malakali shifokorlari koʻrikdan oʻtkazishini, aniqlangan har qanday kasalligini shu yerning oʻzida davolash uchun zarur sharoitlar borligi aytdi.
Samarqand tumani Quyi turkman mahallasida istiqomat qiluvchi J. Xidirov esa qabulga oilasi uchun subsidiya asosida uy-joy ajratilishini soʻrab keldi. Uning aytishicha, xotini va farzandlari bilan ijarada yashab kelmoqda. Masʼul tashkilotlarga qilgan qator murojaatlari inobatga olinmagan.
Deputatlar fuqaroning masalasi, shuningdek, masʼullarning uning murojaatlariga befarq munosabati atroflicha oʻrganib chiqilishini maʼlum qilishdi.

Aytish joizki, qabulda fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati avvalroq ham qator masʼul idoralarga yuborilgani, biroq negadir bir yoqlama koʻrib chiqilib, yopilgani maʼlum boʻldi. Deputatlar murojaatlarni nazoratga olishda masalaning ayni jihatiga urgʻu berishdi.
— Tizimlar talab darajasida ishlamasa, aholi murojaatlari kamaymaydi, aksincha, koʻpayishda davom etadi, — deydi xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati Aziz Ahrorov. — Shu bois biz muammo bilan emas, uning kelib chiqish sababi bilan kurashishga koʻproq eʼtibor berishimiz kerak. Deputatlar bilan mazkur masalani sessiya muhokamasiga kiritish, xoʻjakoʻrsinga ishlayotgan rahbarlar faoliyatini tahlil qilish hamda qonuniy choralar belgilashga kelishib oldik.
Oʻtkazilgan sayyor qabul jarayonlarida Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining 28 nafar deputati ham shahar aholisi muammolarini tinglashdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand shahridagi Xalq qabulxonasi binosida boʻlib oʻtgan qabul jarayonida 90 nafar fuqaro roʻyxatga olinib, deputatlar tomonidan fuqarolarning murojaatlari hisobga olinib, masʼul tashkilotlar ishtirokida koʻrib chiqildi.
— Mazkur amaliyot ilk bor sinovdan oʻtayotgani tufayli baʼzi jarayonlarda tashkiliy tomondan kamchiliklar kuzatildi, — deydi shahar Kengashi deputati Olim Pardayev. — Ammo, bevosita xalq vakili boʻlganligimiz bois, biz har doim xalq ichidamiz. Doimiy odamlar bilan muloqotda boʻlib, okrug hududidagi muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha saylovchilarimizning murojaatlari asosida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Ushbu sayyor qabul davomida ham kelib tushgan murojaatlar tegishli tartibda deputatlar tomonidan oʻrganilib, ularga shu joyning oʻzida masʼullar bilan ijobiy yechim topishga harakat qildik.
— Samarqand shahridagi sayyor qabul davomida kelib tushgan murojaatlar tahlili shuni koʻrsatdiki, umumiy hisobda jami muammoli masalalar soni 105 tani tashkil etdi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand shahridagi Xalq qabulxonasi mutaxassisi I. Shananova. — Shundan 28 tasi uy-joy, 7 tasi moddiy yordam, 11 tasi noqonuniy qurilish, 14 tasi kommunal soha (tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv), 7 tasi ichki koʻchalarni taʼmirlash, 5 tasi tibbiy xizmat, 5 tasi MIB faoliyati, 4 tasi oilaviy nizolar, 8 tasi sud-huquq, 3 tasi tadbirkorlik bilan shugʻullanish, 3 tasi MFY xodimlarining xatti-harakatlaridan norozilik, 2 tasi maktab va MFY binosini rekonstruksiya qilish, 1 tasi keksa fuqaroni qariyalar uyiga joylashtirish hamda 7 tasi boshqa masalalarda iborat boʻldi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi fuqarolar uchun ham, deputatlar uchun ham har tomonlama samarali oʻtgan bu kabi sayyor qabullarni kelgusida deputatlarning okrug va mahallalarga ham chiqqan holda oʻtkazishiga kelishib olindi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring