Murojaatlar adolatli o‘rganilishi kafolatlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan Xorazm viloyati shahar hamda tumanlarida o‘tkazilgan ommaviy qabullarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ayrim masalalar qator vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimliklar mutasaddilari ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Prezidentning Davlat maslahatchisi o‘rinbosari A. Usmonov boshchiligida o‘tkazilgan ochiq va samimiy muloqotlar ortiqcha rasmiyatchiliksiz, fuqarolarga qulay hamda eng muhimi, o‘zlarini o‘ylantirayotgan muammoni emin-erkin bildirishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan holda tashkil etildi. Ommaviy qabullarda fuqarolarning murojaatlarini tinglab, joyida hal qilish, ariza va shikoyatlarning yozilishiga turtki bo‘lgan sabablarni chuqur tahlil etish asosiy maqsad qilib qo‘yildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorazm viloyatidagi Xalq qabulxonasi tashkil etilganidan buyon yuridik hamda jismoniy shaxslardan 27 ming 169 ta murojaat kelib tushgan. Viloyat tumanlarida o‘tkazilgan ommaviy qabullarda esa 500 dan ortiq murojaatlar o‘rganilib, 300 dan ziyodi qanoatlantirildi. Murojaatlar mazmuni o‘rganilganda, asosan, uy-joy olish va yakka tartibda uy qurish uchun yer uchastkalari ajratish, sud-huquq, fuqarolikka qabul hamda ro‘yxatdan o‘tish, moddiy yordam va pensiya ta’minoti, bank kreditlaridan foydalanish, kommunal sohaga aloqador muammolar bilan bog‘liq ekani aniqlandi.
Xonqa tumanidagi “Vaisyoz qahramon” fermer xo‘jaligi dala shiyponida tashkil etilgan ommaviy qabulda Hazorasp, Bog‘ot, Yangiariq, Xonqa tumanlarida istiqomat qiluvchi aholi murojaatlari ko‘rib chiqildi. Qabulga o‘z muammolariga yechim topish umidida kelgan insonlar bilan suhbatlashar ekanmiz, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil amalda o‘z isbotini topayotganiga ishonch hosil qildik.
— Inson hayoti quvonch va tashvishlardan iborat, — deydi Yangiariq tumanidagi Bayot mahallasida yashovchi Nasiba Jumaniyozova. — Ba’zan shunday muammolar uchraydiki, ularni hal etish uchun davlat idoralariga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Ilgari bunday muammolar yuzasidan idorama-idora yugurib, qancha ovoragarchiligu sansalorliklarga duch kelganmiz. Endilikda barcha joyda Xalq qabulxonalari ochilgani, mana shunday ommaviy qabullar o‘tkazilib, murojaatlarimiz adolatli ko‘rib chiqilayotgani yurtimizda inson manfaatlarini amalda ta’minlash eng ustuvor maqsadga aylanganidan dalolat beradi. O‘zim tuman obodonlashtirish boshqarmasida ishlayman, turmush o‘rtog‘im 2-guruh nogironi, uch nafar farzandim bor. Joriy yilda quriladigan yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi arzon uy-joylardan ipoteka krediti asosida sotib olish masalasida murojaat etdim. Tuman hokimligi qoshidagi komissiyaga murojaatimni o‘rganish va ijobiy hal qilib berish topshirildi.
Bog‘ot tumanidagi Nurafshon shaharchasi Ezgulik ko‘chasida yashovchi Hasanboy Yoqubov mahallaga boradigan tuproq yo‘lda transport vositalari hamda piyodalar harakatlanishi qiyin kechayotgani, ayniqsa, yog‘ingarchilik kunlarida umuman mahallaga kirib bo‘lmasligini bildirib, shag‘al to‘kib berilishini iltimos qildi. Bu masala shu joyning o‘zida ijobiy yechimini topdi. Bog‘ot tumani yo‘llardan foydalanish korxonasi rahbari Javlonbek To‘rayev ushbu murojaat bo‘yicha hozirning o‘zida amaliy ishga kirishilganini bildirdi. Tezkorlik bilan mahalla hududiga borib qaytgan ommaviy axborot vositalari vakillari haqiqatan ham yo‘lga shag‘al yotqizilayotgani aks etgan tasvirlarni ommaviy qabulda qatnashayotgan fuqarolar e’tiboriga havola qilishdi.
Yangiariq tumanidagi Jaloir mahallasida yashovchi Qadamboy ota Nurmetov mahalla hududidagi nurab qolgan ko‘prikni ta’mirlash masalasini ko‘tardi. Mutasaddilar bu murojaatni asosli, deb topgach, mazkur ko‘prik qayta ekspertizadan o‘tkaziladigan va uni ta’mirlash ishlari bir oy muddatda bajariladigan bo‘ldi.
Shovot tumanida o‘tgan sayyor qabulda qo‘shni Qo‘shko‘pir hamda Xiva tumanlari aholisidan tushgan ariza va shikoyatlar mazmunan birma-bir ko‘rib chiqildi.
Shovotlik Ozod Rajabov ommaviy qabulda o‘g‘li Dadanazar Rajabovning sud ishi bo‘yicha murojaat etdi. O‘g‘lining ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, yashash joyidagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan kafillik berilgani hamda boshqa yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olish bo‘yicha yordam so‘radi. Murojaat tegishli sud organi tomonidan ko‘rib chiqilib, Dadanazar Rajabovga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalidan ozod etildi. Bu ham inson taqdiri, uning erki va sha’ni har narsadan ustun ekanligi, xalqimizga xos insonparvarlik, kechirimlilikning amaldagi ifodasidir.
Yangibozor, Gurlan, Urganch tumanlari hamda Urganch shahri aholisi bilan o‘tkazilgan sayyor qabullarda murojaatlarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini o‘rganish, yechimini topish va tushuntirish berish uchun turli sohalar bo‘yicha sektorlarga bo‘lingan holda muhokamalar olib borilgani har bir murojaatning javobsiz qolmasligini kafolatladi.
— Muammoning ildizi qancha barvaqt aniqlansa, uni bartaraf etish ham shuncha oson kechadi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorazm viloyatidagi Xalq qabulxonasi rahbari Sultonboy Berdiqilichev. — Buning uchun mutasaddilar xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lishi, aholini tashvishlantirayotgan muammolarning ichiga yanada chuqurroq kirib, vaziyatni qalban his qilishi kerak. Viloyatda o‘tkazilgan ommaviy qabullar davomida murojaatlarning salmoqli qismi belgilangan tartibda hal etildi, qolganlarining ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Odilbek ODAMBOYEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring