Murojaatlar 9 mln.dan oshgan. Bunga sabab nima?
Foto: Hakim Yo'ldoshev, “Xalq soʻzi”.
Mamlakatimizda tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriqlar soni 2016-yilda 7,2 mln.ni tashkil etgan boʻlsa, 2017-yilda 8,7 mln., 2018-yilda esa 9,8 mln.ga yetdi. Joriy yilning oʻtgan 10 oyi ichida esa murojaatlar soni toʻqqiz milliondan oshgan. Bu nimadan dalolat? Bu, avvalo, bugun keng qamrovli islohotlar natijasida aholining tez tibbiy yordam xizmatiga boʻlgan ishonch ortganini anglatadi. Biroq ayrim hollarda tez tibbiy yordam koʻrsatish darajasida boʻlmagan kasalliklar uchun ham “tez yordam”ni ovora qilish holatlari kuzatilmoqda.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatishning bugungi holati, yutuqlar va muammolarga bagʻishlangan matbuot anjumanida alohida taʼkidlandi.
Yurtimizda shoshilinch holatlarda kechiktirib boʻlmaydigan birinchi tibbiy yordam ilgari faqat davlat tibbiyot muassasalarida bepul koʻrsatilgan boʻlsa, endilikda mulk shaklidan qati nazar, xoh davlat, xoh xususiy tibbiyot muassasalari boʻlsin, fuqarolarga shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam bepul koʻrsatilishi belgilab qoʻyildi. Bu ham aholi uchun qulaylikdir. Qolaversa, shoshilinch yordam koʻrsatish xizmatlari tizimida call-markazlar tashkil etilib, u yerda shifokorlar faoliyat yuritishi, “tez yordam” mashinalari GPS-moslamalari bilan jihozlanishi xalqimizning salomatligini muhofazalashda muhim omil boʻlmoqda.
Bugungi kunda tizimda ikki yarim mingga yaqin “Nissan”, “Hunday”, “Toyota” rusumli va boshqa zamonaviy tez yordam mashinalari aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Endilikda yurtimizda har 13 ming aholiga bitta maxsus tez yordam mashinasi xizmat koʻrsatadi. Bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini kuzatsak, ularda 20-25 ming kishiga bitta maxsus avtotransport vositasi toʻgʻri keladi. Demak, bu jihatdan mamlakatimiz tibbiyoti xalqaro andozalar darajasiga koʻtarildi.
Tadbirda yoʻllarda “tez yordam” mashinalariga yoʻl bermaslik, “tez yordam” shifokorlari xizmat burchini bajarayotgan paytda bemorlarning yaqinlari tomonidan nohaq tajovuz va tahdidlarga uchrashi kabi noxushliklar tibbiy xizmat sifatiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmasligi taʼkidlandi.
Matbuot anjumanida sohada erishilayotgan yutuq va natijalar barobarida, dolzarb muammolar ham atroflicha tahlil etildi. Jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Shahzod GʻAFFOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring