Murojaatchi adolatsizlik oldida yolgʻiz emas
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida faoliyat yuritgan Nilufar Tursunovani ustama toʻlovlari masalasi tashvishlantirib qoʻydi. Gap shundaki, muallima oʻziga tegishli haqni ololmay ancha sarson boʻldi. Oxir-oqibat viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.
— Oʻrganish shuni koʻrsatdiki, fuqaro Nilufar Tursunova haqiqatdan ham ustama pulini ololmay kelayotgan ekan, — deydi viloyat adliya boshqarmasi masʼul xodimi Bekzod Rahmonov. — Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bu muallima lavozim maoshiga har oy yuz foizlik ustama toʻlanishi kerak edi. Oʻrganish natijalaridan kelib chiqib, Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻijduvon tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sudning tegishli hal qiluv qaroriga asosan, daʼvo arizasi toʻliq qanoatlantirilib, fuqaroga 106 million 721 ming soʻm miqdorida ustama toʻlovlari undirilishi belgilandi.
Shu tariqa adolat qaror topdi. Murojaatchi sansalorlik, adolatsizlik oldida oʻzining yolgʻiz emasligini his etdi.
— Murojaatlar qay bir maʼnoda fuqarolarning kayfiyatini namoyon etadigan barometrdir, — deydi viloyat adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sh. Bahronov. — Qolaversa, oʻz haq-huquqini bilgan kishi qonunbuzarlik holatlariga murosasiz boʻladi. Boshqarmamiz va tuman hamda shahar adliya boʻlimlariga 2023-yil davomida 5449 ta ariza, shikoyat va takliflar kelib tushdi. Murojaatlarning 5053 tasi hal etildi. Oʻtkazilgan oʻrganishlar va murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 1016 ta taqdimnoma, maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan 855 ta taklif va 1732 ta ogohnoma kiritilgan.
Taqdimnomalarga asosan intizomiy javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 331 nafarni tashkil qilgan. 873 nafar kishi esa maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Bu kabi fakt va dalillar viloyat adliya boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida alohida qayd etildi. Jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Boshqarma va OAV oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga oid takliflar ham oʻrtaga tashlandi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring