Muqaddas qadamjoga ravon yoʻldan borishga ne yetsin
Foto: Xalq soʻzi
Andijon viloyati ichki sayyohlik salohiyati uchun qulay manzil hisoblanadi. Bu yerda ayni paytda 422 ta madaniy meros, 70 ta turistik obyektlar mavjud. Asaka tumanining “Xonaqa” MFYda joylashgan Muhammad Siddiq Eshon ota ziyoratgohi ana shulardan biridir.

— Muhammad Siddiq Eshon ota 1680-1760-yillarda mana shu manzilda yashagan,—deydi mahalla oqsoqoli Rustamjon Husainov. – Ota-bobolarimizning hikoya qilishlaricha, u kishi tabib va ruhshunos boʻlgan. Koʻplab insonlarni tabiiy yoʻl bilan davolagan. U davr fidoyisi, xalq qahramoni sifatida uzoq yillar mobaynida qadrlangan. Boisi, Vatan himoyasi, islom dini targʻibotchisi sifatida ham el-yurt hurmatini qozongan. Afsuski, ayrim sabablarga koʻra otaning qabri qarovsiz qolgan paytlar boʻldi. Bu orada mahalla ahli oʻz kuchi bilan uch marta taʼmirlash ishlarini olib bordi. Hozirda ham xomiylar koʻmagi va hasharchilar kuchi bilan qayta qurish ishlari olib borilyapti.
Aytishlaricha, ziyoratgohda avvallari maqbara boʻlmagan. Eski qabr atrofi tartibga keltirilib, davrga mos maqbara qurilgan. Biroq, yillar oʻtgani sari uning oxori toʻkilgan. Yaqin oʻtmishda zamondoshlarimiz tomonidan yangi maqbaraning qurilishi ziyoratgohga tashrif buyuuruvchilarning sonini oshirdi.

— Maqbara qurilishida mahalliy yogʻoch oʻymakorligidan foydalandik,—deydi hunarmand Doniyorbek Qurbonov. —Naqshinkor eshik va derazalar, peshtoq va shift sharqona bezaklar bilan bezatildi. Shuningdek, tahoratxona, namozxona kabi qulayliklar uchun yangi bino barpo etmoqdamiz.
Aytishlaricha, Muhammad Siddiq Eshon ota qabrini barpo etishda qoʻllanilgan yogʻochlar oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlsada, chirimagan. Bunga oʻsha davrdagi daraxtlar tanasining nechogʻli mustahkam boʻlganligi sababdir.
— Respublikamizning turli viloyatlaridan mehmonlar kelib, eshon otani qabrini ziyorat qilib qaytadilar,—deydi mahalla oqsoqoli Rustamjon Husainov. –Qolaversa, bu joyning tuprogʻi shifobaxsh. Ayniqsa, teri kasalliklarini davolashda samarali foydalanish mumkin.
Biz manzilda boʻlar ekanmiz, yondosh mahalladagi yoʻlning abgorligidan dilimiz xufton boʻldi. Bir yilda yuzlab ziyoratchilarni qarshi olib, kuzatayotgan ziyoratgoh yoʻli taʼmiriga masʼul idoralar eʼtibor qaratishsa, nur ustiga nur boʻlar edi. Zero, muqaddas qadamjoga ravon yoʻldan borishga ne yetsin!
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring