“Munozara”da Samarqand yoshlari gʻolib boʻldi

17:43 28 Iyun 2021 Jamiyat
1322 0

Yaqindagina Toshkent shahridagi “Yoshlar press-klubi”da Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida taʼlim muassasalari, korxona va tashkilot hamda mahallalardagi vaqtincha ishsiz yoshlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Munozara” intellektual turnirining respublika bosqichiga start berilgandi. Ishtirokchilar respublika turnirining tashkiliy jarayoni va oʻtkazish dasturi bilan tanishtirilib, jamoalar oʻrtasida qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida hududlar miqyosida saralab olingan 16 ta jamoa “Ekologik muammolar iqtisodiy oʻsishga toʻsqinlik qilmaydi”, “Ilmiy texnika taraqqiyoti inson hayotiga ijobiy taʼsir etadi”, “Kinofilmlardan tarixni oʻrganish samarali”, “Xususiy maktablar davlat maktablaridan ustun”, “Masofaviy taʼlim anʼanaviy taʼlimdan afzal” mavzulari boʻyicha bellashgan. 3 kun davomida shaffoflik bilan oʻtgan bellashuv natijalariga koʻra, 8 ta jamoa turnirning chorak final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan.

— Intellektual turnirlar hozirgi kunda asosan, rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda alohida dastur sifatida maktab darsliklariga kiritilgan. Turnir shaklida tashkil qilinishing sababi, maktab yoshidagi oʻquvchilarning olgan bilimini hayotga tatbiq qila olishi, egallagan bilimlarini soʻz orqali ifodalab berish koʻnikmalarini shakllantirishdadir, – deydi hakamlar hayʼati aʼzosi Sunatilla Bozorboyev.— “Munozara” kabi intellektual turnirlar maktab oʻquvchilarini oʻz fikrini erkin va toʻsqinliksiz ifodalashiga, mukammal va mustaqil fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega boʻlgan yoshlarni tarbiyalashga, ularda tizimli tahlil qilish, mantiqiy fikrlash va mohirona munozara olib borish qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kecha poytaxtimizdagi “Hyatt regency” mehmonxonasida “Munozara” intellektual turnirining respublika bosqichi tantanali yakunlandi. Qizgʻin va shiddatli bahslarga boy kechgan turnirning final bosqichi yakuniga koʻra, 1-oʻrinni Samarqand viloyatining “Registon” jamoasi, 2-oʻrinni Qashqadaryo viloyatining “Kelajak bunyodkorlari” jamoasi, 3-oʻrinni esa Toshkent shahrining “Taraqqiyot yoshlari” jamoasi qoʻlga kiritdi. Gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Maʼlumot uchun: “Munozara” intellektual turniri 2 bosqichda oʻtkazildi. 1-bosqich joriy yilning 4-16-iyun kunlari davomida 4 ta mintaqaga boʻlingan holda oʻtkazildi. Respublika hakamlar hayʼati tomonidan turnirning keyingi bosqichida ishtirok etuvchi 16 ta jamoa saralab olindi. Saralab olingan jamoalar turnirning respublika bosqichida oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер