Munosib mehnat sharoitini yaratish va bandlikni taʼminlash masalasi muhokamalar markazida boʻldi

13:26 15 Noyabr 2023 Jamiyat
289 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi hamda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi hamkorligida Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida “Ayollar va erkaklar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda bandlikni taʼminlashning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Quyi palata deputatlari, senat aʼzolari, vazirlik va idoralar masʼullari, xalqaro tashkilotlar hamda siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etgan tadbirda yalpi ichki mahsulot hajmining aholi jon boshiga oʻsishini taʼminlash, iqtisodiyotda samaradorlikning oʻsishiga erishish, yoshlar, ayniqsa nogironlarni munosib ish bilan taʼminlash va samarali bandlikni kengaytirish, isteʼmol va ishlab chiqarishning oqilona modellaridan foydalanish, teng qiymatli mehnat uchun teng ish haqi toʻlanishini taʼminlash va boshqa shu kabi masalalar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlari inson hayoti, yashash tarzi va turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsad va vazifalarga erishish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid normalar kiritilib, barqaror rivojlanish tamoyili ilk bora Asosiy qonunimizda aks ettirildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqimizni rozi qilish, odamlarning muammolarini tinglash va ularga oʻz vaqtida yechim topish, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan. Jumladan, Prezidentimiz rahbarligida aholi bandligini taʼminlash, fuqarolarning mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, keng imkoniyatlar bugun oʻz natijasini bermoqda.

Ayni chogʻda respublikamizda 19,5 million nafardan ortiq mehnat resurslari istiqomat qiladi. Shundan, ish bilan band aholi 13,8 mln, iqtisodiy nofaol aholi 4,3 mln, ishsizlar 1,3 mln kishini, ishsizlik darajasi esa 8,6 foizni tashkil etadi. 2023-yilda esa 813 ming taʼlim muassasalari bitiruvchilari, 241 ming mehnat migratsiyasidan qaytgan migrantlar, 21,4 ming muddatli harbiy xizmatdan ozod etilganlar, 13,4 ming ishini yoʻqotgan shaxslar mehnat bozoriga kirib kelishi kutilmoqda.

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida respublika boʻyicha jami 5 199 ming aholi bandligi taʼminlangan. Xususan, doimiy ish oʻrinlariga 2 053 ming, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarga 2 422 ming hamda legallashtirish hisobiga 724 ming nafar fuqaro joylashtirilgan.

Shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari tomonidan joriy yilning 9 oyida 561 ming nafar fuqarolarga bandlik xizmatlari koʻrsatildi. Ulardan 294,7 ming nafar ishsiz fuqarolar korxona va tashkilotlardagi mavjud boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashishiga koʻmaklashildi. Shundan 166,7 nafari ayollarni, 100,1 ming nafari yoshlarni tashkil etadi.

Shu yilning yanvar-sentyabr oylarida 8,6 mingta korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan 37,7 mingta buyurtmalarga asosan 94,8 ming nafar band boʻlmagan aholi haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Qolaversa, 2023-yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 425,8 ming nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlash belgilangan boʻlib, hozirgi kunga qadar ularning 409 ming nafarining bandligiga koʻmaklashildi.

Bugungi kunda respublika boʻyicha 1 200 mingta kambagʻal oilalar roʻyxati shakllantirilib, “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritilgan. Yil yakuniga qadar respublikamizda 127 500 ta oila kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik darajasini 12 foizga tushirish choralari koʻrilmoqda.

Savol-javoblarga boy boʻlgan tadbirda deputatlar har bir vazirlik va idoralarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar bajarilishiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar yuzasidan aniq va qatʼiy choralar koʻrish boʻyicha takliflar berishdi.

Qizgʻin bahs-munozaralar asosida oʻtgan tadbirda ishtirokchilar mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga qaratilgan koʻplab dasturlar bajarilayotganini alohida qayd etdilar.

Xususan, Qonunchilik palatasi deputat Nodir Tilavoldiyev soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh etilib, aholi bandligini taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi.

— Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish oʻrinlarini koʻpaytirish va kambagʻallikni qisqartirishdir, — deydi deputat N.Tilavoldiyev. — Shu bois, yurtimizda bandlik dasturlari doirasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Chunki odamlar ishli boʻlsa, aholi jon boshiga daromad koʻpaysa, hayotda katta maqsadlar bilan yashaydi, oilasida tinchlik, ishida unum boʻladi. Oxirgi yetti yilda aholining, eng avvalo, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash, xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan salmoqli ishlar qilindi. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar natijasini esa har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida his qilib turibdi.

Tadbirda muhokama etilgan masala yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер