Muloqotda tizimdagi kamchiliklar ochiq aytildi

15:03 15 Dekabr 2022 Jamiyat
1031 0

Foto: Xalq so‘zi

Maktabgacha ta’lim vazirligi binosida 2017-2022 yillarning o‘tgan davri davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi va OAV uchun ochiq muloqot o‘tazildi.

Tadbir avvalida maktabgacha ta`lim vaziri Agrippina Shinning kirish so‘zi bilan boshlandi hamda shundan so‘ng, vazirlik tarkibidagi boshqarma boshliqlarining hisobotlari tinglandi.

Berilgan joriy yil hisobotlariga ko‘ra, 2022-yilning yanvar-sentyabr oylarida maktabgacha taʼlim sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar olib borilgan. Xususan, Islom taraqqiyot banki, OPEK fondi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg’armasi bilan umumiy qiymati 70 mln. AQSH dollariga teng davlat xususiy sheriklik bitimlarini moliyalashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun loyihaoldi hujjatlar ishlab chiqilib, investorlar tomonidan maʼqullangan.

Qolaversa, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan 11 mln. AQSH dollariga teng grant loyihani amalga oshirish maqsadida hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi va bu borada tegishli vazirliklar, idoralar bilan kelishildi. Hozirgi kunda, mazkur qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etilgan.

Ochiq muloqotda ishtirok etayotgan maktabgacha ta`lim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja tizimdagi kamchiliklar to‘g‘risida o‘zining fikr va mulohazalarini bildirdi:

— Xonadonim atrofida, adashmasam, 3-4 ta nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasi bor. O‘tgan safar beixtiyor birining darvozasi peshtoqiga yozilgan yozuvga ko‘zim tushib qoldi: “Farzona kids” deb yozilgan ekan. Biz bolalarimizga turli tillarni o‘rgatamiz deb, davlat tilini ikkinchi darajali o‘ringa tushirib qo‘ymayapmizmi, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Taklifim shundan iboratki, biz, avvalo, o‘z tilida chiroyli fikrlay oladigan notiq avlodni tarbiyalashimiz kerak. Buning uchun o‘zbek tilini o‘rgatishni bog‘chalardan boshlasak, yaxshi bo‘lar edi.

Tadbir so‘ngida Maktabgacha ta`lim vazirligi tizimidagi munozarali masalalar yuzasidan OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga vazirlik mutasaddi rahbarlari javob berdi.

Qizg‘in muloqotda havo haroratining keskin tushishi oqibatida bog‘cha xonalarining sovib ketishi bilan bog‘liq holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘layotgani ta`kidlandi. Vazirlik mutasaddi rahbarlarining aytishicha, bu issiqlik energiyasining yetishmovchiligi bilan bog‘liq holat bo‘lmay, balki sovuq havo oqimining natijasida qaynoq isitish sistemalari ham xona haroratini ushlab tura olmayotgani Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida aytib o‘tildi.

Shuningdek, Davlat Sanitariya va epidemiologiya xizmatining maktabgacha yoshida bo‘lgan bolajonlarni sog‘lom ovqatlantirish taklifiga binoan, 2023-yilning avvalidan boshlab barcha davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida bolalarni uch mahallik ovqatlanish ratsionaliga o‘tkazish ko‘zda tutilayotgani ta`kidlandi.

— Bugungi kunga qadar barcha MTTda 4 mahallik ovqatlanish tartibi joriy qilingan edi — dedi vazir o‘rinbosari Sardor Mirzakarimov. — Endi 2023-yildan boshlab bolajonlarimizda nonushta, tushlik hamda tarbiyalanuvchilarimizni kuzatish oldidan ikkinchi tushlik bilan ovqatlantirish tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, tadbir so‘ngida tizimda faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning malakasini oshirish, shuningdek, ularning maosh masalalari bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilayotgani ta`kidlandi.

 

Umida Sattorova, "Xalq so‘zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер