“Muhabbat deb keldim dunyoga”

09:18 14 Fevral 2023 Jamiyat
923 0

Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon agar hayot boʻlganida qutlugʻ 80 yoshga kirgan boʻlardi.

Xalqimizning sevimli shoiri oʻzidan salmoqli ijodiy meros qoldirdi. Uning “Ochiq derazalar”, “Karvon qoʻngʻirogʻi”, “Quyosh soati”, “Dramatik dostonlar”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”, “Haqqush qichqirigʻi”, “Seni yaxshi koʻraman”, “Daraxtlar va giyohlar”, “Ming bir yogʻdu”, “Oʻrtamizda birgina olma”, “Odamning soyasi quyoshga tushdi”, “Qush yoʻli”, “Iymon yogʻdusi”, “Diydor aziz”, “Xaloskor ruh” kabi yigirmaga yaqin sheʼriy toʻplamlari, “Toʻrabekaxonim” nasriy qissasi va “Najmiddin Kubro”, “Ardaxiva” badialari kitobxonlar qoʻliga yetib borgan.

Shoir bitiklarida insonga, hayotga, ijodkor yuragi qoʻnim topgan Vatanga boʻlgan muhabbati, sadoqati, ehtiromi yaqqol sezilib turadi.

Aminmizki, Omon Matjonning koʻngillarga yoʻllagan maktublari — sheʼrlari asrlar davomida odamlarga insoniy tuygʻulardan dars berib turadi.

SAVOLLAR ORALIGʻIDA

Umr nima – farishtalar nozil saltanat,

Bu – ikki taxt, yaʼni ikki yelka orasi.

Va hurlarni koʻp chalgʻitib poylaydi fursat

Yuragimga kirmak uchun shayton bolasi.

Kuy nimadir, hofizimning yonmogʻi nedin,

Qoʻshiq balki falaklardan kelgan moʻjiza?!

Qalb va simning arosinda nima yashirin,

Madad boʻlsin Xudo bergan ovozdan bizga!

Iymon nedir, ne belgi bor uning tugʻida,

Ruhim noqis xurujlardan boʻlurmi xoli!

Iymon – nafs va jaholatning oraligʻida

Bitta meva tugayotgan umid niholi.

Millat oʻzi nima dersiz, quyoshmi yo oy,

Kimdi anov sarson-gurson yurgan odamlar?!

Millat, bu – xalq oʻz qalbini ilgʻab olgan joy,

Va kelajak goʻdak kabi tugʻilgan damlar!

Vatan nima? Jugʻrofiya darsi yakuni –

Ona yerdan topgan noyob misollarimdir?!

Vatan – ikki ulugʻ daryo oraligʻini

Bezovta va xush toʻldirgan savollarimdir.

* * *

Oʻqiy olmas boʻldim kitoblar,

harflar koʻzga arang koʻrinar,

faqat sening chehrang koʻrinar,

soʻzlar dostonidan ketib.

Chaman kezsam endi tinchim yoʻq,

na kapalak, na rang koʻrinar,

faqat sening chehrang koʻrinar

gullar boʻstonidan ketib.

Oqshom koʻzni yumsam ham shu hol,

koʻkda yalt-yult bir jang koʻrinar,

faqat sening chehrang koʻrinar,

yulduz osmonidan ketib.

Muhabbat deb keldim dunyoga,

oshiqqa yer-koʻk tang koʻrinar,

faqat sening chehrang koʻrinar,

dunyo har yonidan ketib.

Omon MATJON,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер