Muammolar yangi tizim va yondashuvlar asosida hal etilmoqda
Hasan PАYDOYEV - “Xalq so‘zi”
Davlatimiz rahbarining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi hududlar rivoji va aholi turmush farovonligini taʼminlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Xususan, ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Paxtaobod tumani hududidagi oltmishdan ortiq mahallalar to‘rtta sektor rahbarlariga biriktirilgan bo‘lib, shundan 11 tasi Paxtaobod tuman prokurori rahbarligidagi 2-sektor hududi etib belgilangan. Mahallalarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar shtablari tashkil etilgan.

Bugungi kunda 2-sektor hududidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida 10 ming 382 ta oila istiqomat qiladi. Sektor rahbari va masʼullari ana shularda yashovchi har bir fuqaroga masʼuldir. Xususan, hududda 993 nafar ishsiz fuqaroga g‘alladan bo‘shagan 99,3 ga. qishloq xo‘jaligi yerlari takroriy ekin ekish uchun ajratib berilib, bandligi taʼminlandi. Shuningdek, ushbu 993 nafar fuqaroning har biriga 200 kg.dan jami 198 tonna 600 kg. bug‘doy tarqatildi.
Mahallabay ishlash tizimli dasturi doirasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Аholini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mahallaning o‘sish nuqtasini aniqlash hamda infratuzilmasini yaxshilashda mahallabay ishlash tizimi dastlabki natijalarni bera boshladi.
Аholini tadbirkorlikka xohish-istagi borlariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, kredit olishida ko‘maklashilmoqda. Bugungi kunga qadar, xonadonbay yurish natijasida 6 962 ta xonadon to‘liq o‘rganilib, shundan og‘ir mahalla, deb tanlab olingan “Hayotbaxsh” va “Qayir” MFYlar hududida xatlov jarayonlari o‘tkazildi.
Xatlov maʼlumotlariga ko‘ra, mahallalarning 4 ta o‘sish nuqtalari bo‘yicha 112 ta issiqxona, 87 ta tikuvchilik, 78 ta parranda, 63 ta chorvachilik yo‘nalishlari bo‘yicha fuqarolar tomonidan qiziqishlar bildirilgan. Shundan hozirgi kunda 75 ta issiqxona (739 mln. so‘mlik), 84 ta tikuv dastgohlari ( 924 mln. so‘mlik), 780 ta parranda (156 mln. so‘mlik), 56 ta (1 mlrd. 575 mln. so‘mlik) fuqarolarga tarqatildi.
Mahallalarning “o‘sish nuqtasi”dan kelib chiqib, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratib kelinmoqda. Bugungi kunda 301 nafar fuqaroga 6 mlrd. 987 mln. so‘mlik kredit ajratildi.
Bundan tashqari, “Qoraqo‘rg‘on” MFY Qoraqo‘rg‘on ko‘chasida yashovchi “ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqaro Sh.Omonovaga hunarmandchiligini rivojlantirish maqsadida 5 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratib berildi. Natijada 3 nafar “ayollar daftari” va “temir daftar”da turuvchi fuqarolar bandligi taʼminlangan. Hozirda ushbu fuqarolar uy-sharoitida hunarmandchilik bilan shug‘ullanishi natijasida har oyda 800 — 900 ming so‘mdan ortiq daromad olib kelishmoqda.

Paxtaobod tumanimiz mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi jami 1212 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar xatlovdan o‘tkazildi. Xususan, joriy yilning 9 oy davomida tuman hududidagi keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarning 117 nafariga nogironlar aravachasi, 87 nafariga eshitish moslamasi, 7 nafariga hassa, 25 nafariga qo‘ltiqtayoq berildi.
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan imkoniyati cheklangan nogironligi mavjud fuqarolarning aniqlangan muammolari hamda sektor faoliyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan bu borada chiqarilgan qarorlari ijrosini taʼminlash yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilyapti.
Bu hali hammasi emas. Joriy yilda 483 nafar o‘quvchilar 11-sinfni tamomladilar. Shundan 246 nafari oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirdi, 37 nafari kredit mablag‘lari hisobiga tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘ydi, 42 nafari kasb-hunar maktablariga qabul qilindi, 15 nafari tashkilot muassasalarga ishga qabul qilindi, 112 nafar bitiruvchilar o‘zini-o‘zi band qilish orqali bandligi taʼminlandi. Qolgan 31 nafar bitiruvchilarni bandligini taʼminlash yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning 9 oy davomida sektor hududida 9 ta YaTT, 2 ta yuridik shaxslar faoliyatini vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, ularni qayta ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda. Shundan 3 ta yuridik shaxs va 16 ta YaTT faoliyati qayta tiklandi. Xususan, sektor hududida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish aholi bandligini taʼminlash yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Nurdiyor” MFYda yashovchi fuqaro N.Muxtorovga subsidiya asosida 122 mln. so‘m ajratilib, 24 ta tikuvchilik dastgohi olib berildi. Hozirgi kunda tadbirkor N.Muxtorov tomonidan “JIA YOU WAN” ishlab chiqarish kooperativi tashkil qilinib, sektor hududidagi “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “temir daftar”dagi 27 nafar ishsiz fuqaroni ish bilan taʼminlamoqda.
Bir misol, “Qoraqo‘rg‘on” MFYda istiqomat qiluvchi “ayollar daftari”da mavjud fuqaro J.Mamatqulovaning bandligini taʼminlash maqsadida 30 mln. so‘m kredit ajratilib, uy bog‘chasi tashkil qilindi. Natijada 25 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar qamrab olinib, “ayollar daftari”dagi 2 nafar shaxslar ish bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, sektor hududida istiqomat qiluvchi “ayollar daftari” va “temir daftar”da turuvchi 10 nafar fuqaroga har biriga 10 donadan jami 100 dona naslli parranda tarqatildi.
Bunday misollar juda ko‘p, albatta. Misol uchun, sektor rahbari tashabbusi bilan “Qoraqo‘rg‘on” MFYda joylashgan 39-umumtaʼlim maktabi binosi fasad qismi 40 mln. so‘m hisobiga to‘liq taʼmirlandi, binoni issiqlik tizimi 15 mln. so‘m hisobiga taʼmirlab berildi. Shu kabi, “Nurdiyor” MFYda joylashgan 46-umumtaʼlim maktabi binosini tashqi fasad va xojatxonasi 134 mln. so‘mga taʼmirdan chiqarilib, o‘quv yili boshlanishiga foydalanishga topshirildi.
Darvoqe, sektor hududida jami 11 ta MFY mavjud bo‘lib ularning shart-sharoitlari o‘rganildi. Sektor hududidagi “Qoraqo‘rg‘on” va “Hayotbaxsh” MFY taʼmirtalab ahvolda ekani hamda “Uchko‘za” MFY o‘zining maʼmuriy binosi mavjud emasligi aniqlandi.

Hozirda “Hayotbaxsh” va “Qoraqo‘rg‘on” MFY binolari homiylik asosida qaytadan qurilish ishlari olib borilib, foydalanishga topshirildi. Endilikda shu tartibda sektor hududidagi qolgan MFY xizmat binolari ham joriy yil yakuniga qadar qaytadan qurish va taʼmirlash ishlari olib boriladi.
Paxtaobod tumani 2-sektor hududidagi fuqarolarni kunlik ehtiyojini hisobga olgan holda kommunal sohasida ham ko‘plab ishlar olib borildi. Xususan, 2 sektor hududida mavjud 11 ta MFYlariga Paxtaobod tuman gaz idorasi tomonidan shu yil o‘tgan 9 oyda jami 620 320 kg. suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Joriy yilning 1 sentyabr holatiga sektor hududida yashovchi 78 nafar fuqaroga jami 78 dona maishiy gaz balloni vaqtinchalik foydalanib turish uchun ijara shartnomasi asosida aholi isteʼmolchilariga yetkazib berildi.
Bundan tashqari, “Navbahor” va “Bo‘stonobod” MFYlardagi o‘rta bosimli gaz tarmoqlarida taʼmirlash va tartibga keltirish ishlari olib borilib, 1.6 km. gaz tarmoqlarini bo‘yoqlash va 1 dona gaz taqsimlash qurilmasini texnik taʼmirlash va bo‘yoqlash ishlari olib borildi.
Sektor hududidagi “Qoraqo‘rg‘on” MFY “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan bo‘lib, dastur doirasida 10,3 km. ichimlik suvi tarmog‘i, ichki yo‘llar bo‘yicha asfalьt 6,8 km., shag‘allash 4,8 km. va 7,2 km. elektr tarmoq tortish hamda 2 dona elektr taqsimlash punkiti o‘rnatish belgilangan. Hozirda ushbu hududda belgilangan ishlarni 95 foiz qismi amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunda mutlaqo yangi tizim, tartib va yondashuvlar asosida iqtisodiy faollikni oshirish hamda har bir mahalla bo‘yicha amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlarini yanada jadallashtirish, pandemiya davrida daromadsiz qolgan oilalarni o‘rganib, ularni sharoitlarini yaxshilash va har tomonlama ko‘mak berish, kambag‘allikni qisqartirish sektor faollarining diqqat-markazida.
Hududda tadbirkorlikni rivojlantirish ishsiz aholini bandligini taʼminlash yangi ishchi o‘rinlarini yaratish maqsadida “temir daftar” “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan oilalar bo‘yicha aniq rejalar tuzilib jadal surʼatlarda ishlar borilmoqda. Bu boradagi ishlarni tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
“Xalq so‘zi”.
Hasan PАYDOYEV olgan suratlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring