Moskva davlat texnika universiteti Fargʻona politexnika instituti bilan hamkorlik qiladi

14:50 25 Oktyabr 2022 Jamiyat
1260 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugungi kunda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida mehnat bozori talablariga muvofiq raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda barcha boʻgʻinda jahon ilm-fani yutuqlari, innovatsion gʻoyalarni amaliyotga keng tatbiq etish borasida quvonarli yutuqlarga erishilmoqda. Bu yurtimiz oliy taʼlim tizimining yanada jozibadorligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Ayni jarayonda 2018-yildan buyon muntazam ravishda oʻtkazilib kelinayotgan Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi ikki mamlakatning oliy taʼlim tizimi, ilm-fan, innovatsion texnologiyalar sohasi mutasaddilari, olimlar, professorlar, pedagogik jamoatchilik, yosh tadqiqotchilarni mushtarak maqsad yoʻlida birlashtiradi. Shu yilning 26-27-oktyabr kunlari Samarqand shahrida uchinchi bor boʻlib oʻtadigan forum ham bu borada oʻzaro manfaatli orzu-rejalarni birgalikda amalga oshirish imkonini beradi.

Kuni kecha Fargʻona politexnika institutiga N. E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti vakillari tashrif buyurishdi. Yuzma-yuz muloqotda ikki oliy taʼlim muassasasi rahbarlari Oʻzbekiston-Rossiya III taʼlim forumi doirasida imzolanadigan hujjatlar va kelgusidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida oʻzaro kelishib oldilar.

— Bugun ilmiy salohiyatni oshirish, oʻzaro hamkorlikda taʼlim dasturlari ishlab chiqish, professor-oʻqituvchilar, talabalar almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish, ilm-fanni ishlab chiqarish jarayoniga integratsiya qilish, birgalikda istiqbolli innovatsion gʻoyalarni amalga oshirish singari yoʻnalishlarda oʻzaro fikr almashildi, — deydi Fargʻona politexnika instituti rektori Oʻktam Salomov. —  Shuningdek, mehmonlarga institutimizdagi taʼlim jarayonlari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, oliy taʼlim muassasalarida innovatsion taʼlim transformatsiyasini hayotga tatbiq etish hamda institutda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan innovatsion texnopark loyihasi haqida maʼlumot berildi. Ikki taʼlim muassasasi boʻyicha mos keluvchi yoʻnalishlarda qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер