Moʻynoqda nima gaplar?

11:59 10 Yanvar 2022 Jamiyat
653 0

Foto: Халқ сўзи

Koʻpchilikka maʼlumki, 2000-yillarda Orolboʻyi mintaqasida suv tanqisligi, hududdagi iqtisodiy inqiroz kuchaydi, aholining turmush sharoitlari yanada ogʻirlashdi. Orol dengizi qurishi va mazkur ekologik inqirozdan eng koʻp aziyat chekkan aholi moʻynoqliklar boʻldi.

Bundan 20 yilcha ilgari hududdagi tanglikdan aksar moʻynoqliklar hayotini yaxshilash maqsadida tugʻilib oʻsgan ovulini tashlab ketishga majbur boʻlgan edilar. Bugun-chi?

Bugun esa bu manzaraning tamoman aksini koʻramiz. Boshqa hududlardan oʻz biznesini yaratish, shu yerda ishlash istagida Moʻynoqqa kelayotganlar soni ortib bormoqda. Negaki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Moʻynoqda amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat mahalliy, balki boshqa hududlar aholisining ham kelajakka boʻlgan ishonchlarini oshirmoqda.

Moʻynoqqa eng dastlab 2013-yilda kelgan Adamboy Abdalov avvaliga fermer xoʻjaliklarda shartnoma asosida ishlab yurdi. Asli xorazmlik boʻlgan Adamboy aka 2018-yilda hududda tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlida yaratilayotgan sharoitlardan foydalanib, “Sevinch-Sardorbek” fermer xoʻjaligini tashkil qildi. Dastlabki yillarda donli ekinlar va sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirdi.

— Endilikda chorvachilik tarmogʻi boʻyicha ham yangi loyihalar asosida ish boshlayapmiz, — deydi fermer Adamboy Abdalov. — Buning uchun Moʻynoqda barcha sharoit bor. Oʻtgan yil makkajoʻxori, beda ekib, chorva mollari uchun ozuqa yetishtirish imkoniyatimizni sinab koʻrdik, natija yomon boʻlmadi.

Yaxshi niyat bilan Germaniya davlatidan 25 bosh nasldor mollarni, shuningdek, Qozogʻistondan 170 bosh qoʻy olib keldik. Hozirgi vaqtda chet eldan olib kelingan nasldor chorvalar oʻzimizda yetishtirilgan ozuqa bilan boqilmoqda. Eng muhimi, Moʻynoqda ishlayman desang, qoʻllab-quvvatlaydilar. Mehnatdan qochmay ishlayapmiz, natija ham shunga yarasha boʻlib, faoliyatimizni kengaytirmoqdamiz. Fermer xoʻjaligimiz aʼzolarining daromad topib, oilasini, roʻzgʻorini but qilishi uchun hissa qoʻshayotganimdan koʻnglim toʻladi.

Ushbu “Sevinch-Sardorbek” fermer xoʻjaligida tumanning “Qiziljar” ovulidan 15 nafar yoshlarning bandligi taʼminlangan. Bundan koʻrinib turibdiki, hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor aholining bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kab etmoqda.

Orol dengizi qurigan boʻlsa-da, hududda yaratilgan sharoitlardan Moʻynoqda yashab, mehnat qilayotgan aholining koʻngli toʻlmoqda. Ha, bugun Moʻynoqdan koʻchish emas, u yerga koʻchib borish, oʻz ishini boshlash va kengaytirishni niyat qilganlar koʻpaymoqda.

Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер