Moʻynoqda gaz taʼminotida uzilishlar boʻlmaydi
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalib ketishining oldini olish sifatida joriy etilgan karantin choralari paytida tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi korxonalarning bosh shiori “Tabiiy va suyultirilgan gaz uzluksiz yetkazib beriladi” boʻlmoqda.
“Hududgaz Qoraqalpogʻiston” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham xalqimiz boshiga tushgan ushbu sinovli kunlarda isteʼmolchilarni uzluksiz va sifatli tabiiy hamda suyultirilgan gaz bilan taʼminlashning barcha choralari koʻrilgan. Tashkilot tarkibiga kiruvchi har bir mehnat jamoasida bevosita ishlab chiqarishda band boʻlgan va masofadan ishlaydigan xodimlarning roʻyxati shakllantirilib, ish grafigi tasdiqlandi. Bu haqda MCHJ matbuot xizmati xabar berdi.
Respublikamizninig eng chekka tumanlaridan hisoblangan Moʻynoq tumanida soʻnggi yillarda hamma sohada misli koʻrilmagan darajada oʻzgarishlar yuz berilgani barchamizga maʼlum. Bugungi kunda “Moʻynoqtumangaz” filiali tomonidan aholini uzliksiz tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tumanda jami 3982 ta xonadon tabiiy gazdan foydalanib kelmoqda. Isteʼmolchilarga bir maromda tabiiy gaz yetkazib berishda gaz quvurlarining soz holatda boʻlishi ham muhim ahamiyatga ega.
Tumanda ayni vaqtda filialga qarashli 228,2 km. gaz quvurlari mavjud boʻlib, shundan 16,7 km. yuqori bosimli, 56,9 km. oʻrta bosimli va 154,6 km. past bosimli hisoblanib, tuman boʻyicha 120 dona gaz taqsimlash punkti mavjud. Gaz sizib chiqish holatlarining oldini olish, texnik nosozlik kuzatilmasligini taʼminlash uchun filial xodimlari tomonidan ushbu gaz quvurlari belgilangan muddatlarda texnik nazoratdan oʻtkazilib, zarur hollarda taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, tumanda 1257 ta xonadonga suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Karantin davrida hech bir xonadon nazardan chetda qolmaydi va buning uchun filial tomonidan barcha zaruriy choralar koʻrilgan. Tumanning eng chekka qishloqlaridagi isteʼmolchilarga gaz ballonlarini yetkazib berish tasdiqlangan reja-jadval asosida, toʻliq hajmda amalga oshirilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda “Moʻynoqtumangaz” filiali jamosi aholini bir maromda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlashda koʻrsatilgan karantin qoidalariga qatʼiy amal qilib, mehnat qilishyapti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring