Misrda Mahmud Koshg‘ariyning "Devonu lug‘otit turk" asari arab alifbosida qayta chop etildi

13:03 24 Mart 2025 Jamiyat
476 0

Turkiy xalqlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Mahmud Koshg‘ariyning "Devonu lug‘otit turk" asari O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tashabbusi bilan Qohira universiteti professori Samiya Muhammad Jalol Badaviy tomonidan ilk marotaba zamonaviy arab tili alifbosida qayta chop etilgan.

Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra asarning qo‘lyozma nusxasida turkiy so‘zlar bo‘g‘inlar va harflar soni asosida saralanganligi bois yosh tadqiqotchilar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgan edi. Ushbu noyob kitobning tizimlashtirilgan nashri O‘zbekiston va boshqa turkiy hamda arab davlatlaridagi yirik universitetlar va kutubxonalarga yetkaziladi. Rangli qog‘ozda chop etilgan kitob muqovasida Mahmud Koshg‘ariyning dunyo xaritasi aks ettirilgan. Kitobxonlar mazkur asar tarjimasi bilan bevosita tanishishlari uchun kitoblar O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga taqdim etiladi.

"Devonu lug‘otit turk" Mahmud Koshg‘ariyning turkiy tillar haqidagi qomusiy asari bo‘lib, unda XI asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyo hududida istiqomat qilgan turkiy urug‘ va qabilalar, ularning ijtimoiy ahvoli, tili, tarixi, she’r va maqollari, urf-odatlari, bu hududning geografiyasi, metrologiyasi va astronomiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Asarda 8 mingdan ortiq turkiy so‘zlar keltirilgan bo‘lib, ularni to‘g‘ri talaffuz qilish maqsadida arabcha harakatlardan foydalanilgan.

Mahmud Qoshg‘ariyning turkiy adabiyotdagi bebaho asarlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasidan o‘rin olishi rejalashtirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер