Mirishkorlik oʻquvchilar endi maktabda kasb-hunar ham oʻrganishadi

18:32 04 Sentyabr 2023 Jamiyat
536 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Maʼlumki, maktabni tamomlagan oʻquvchilarning bir qismi oʻzi xohlagan yoʻnalish boʻyicha oliy oʻquv yurtiga kirib, oʻqishni keyingi bosqichda davom ettiradi. Qolganlari esa ishlashi, biror-bir kasb-hunar bilan shugʻullanishi hayot talabi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ana shu jihatga alohida eʼtibor qaratilib, oʻquvchilarning maktab davridayoq aniq bir kasb-hunarni puxta oʻzlashtirishi uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Xususan, 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻrgatish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Bu borada respublika boʻyicha 208 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasasi tanlab olingan boʻlib, ularda 10-11-sinf oʻquvchilari oʻz qiziqishidan kelib chiqqan holda kasb-hunar ham oʻrganishadi.

Mirishkor tumanidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham yangi oʻquv yili muassasada tashkil etilgan kasb-hunarga oʻrgatish markazining tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi.

Markazda oʻquvchilarning 10 ta kasb-hunar va qoʻshimcha 2 ta xorijiy tillarni oʻrganishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Jumladan, markazda oʻquvchilarga erkak va ayollar sartaroshi, chorvachilik, gulchilik, pazandachilik, tikuvchilik, gilamchilik, elektr montyor va payvandchilik hamda nemis va ingliz tillaridan dars beriladi, — deydi maktab direktori Halim Isoqov. — Ayni paytda hududdagi malakali mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari tuzilib, ular markazga murabbiy sifatida ishga jalb etilmoqda.

Markazning tantanali ochilish marosimida tuman sektor rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер