Mirishkorda xorij texnologiyasi asosida yirik intensiv bogʻ tashkil etilmoqda
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Mirishkor tumanining Zafar mahallasi hududidagi 30 gektar yer maydonida intensiv bogʻ tashkil etilmoqda.
— Ayni paytda Turkiya davlatidan 25 ming donadan ortiq intensiv olma koʻchatlari olib kelinib, ekildi, — deydi loyiha tashabbuskori boʻlgan “Amir Oqmachit chorvadori” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Hakim Hayitov. — Bu koʻchatlar tez hosilga kirishi bilan ham ajralib turadi. Shunga koʻra, 2025-yildan bogʻimizdan hosil ola boshlashni maqsad qilganmiz.
Mirishkor tumani hokimi oʻrinbosari, tuman investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi Shohjahon Toʻrayevning aytishicha, intensiv bogʻ tashkil etish loyihaning birinchi bosqichi. Keyingi bosqichlarda esa shu yerning oʻzida mevani saqlash va qayta ishlash bilan bogʻliq loyihalar amalga oshiriladi.
— Jumladan, 2025-yilga qadar tadbirkor 3 ming tonnalik zamonaviy sovutkichli sigʻim qurishni rejalashtirgan, — deydi u. — Shuningdek, qiymati 1 million dollarni tashkil etadigan qayta ishlash korxonasi ham quriladi. Ayni paytda tadbirkor bilan hamkorlikda loyihaning keyingi bosqichlarini amalga oshirish ustida ham ishlayapmiz.
Eʼtiborli jihati, loyiha toʻliq ishga tushirilgach, 50 ta doimiy, 150 ta mavsumiy ish oʻrinlari yaratilishi hamda yiliga 800 ming dollarlik meva-sabzavot eksporti amalga oshirilishi prognoz qilingan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring