Mingtepa sinoati
Foto: Xalq so‘zi
Andijon viloyatida mavjud 500 ga yaqin tarixiy-madaniy obyektlar nafaqat hamyurtlarimiz, balki xorijiy sayyohlarning ham eʼtiborini jalb etayotgani shubhasiz. Mingtepa arxeologik yodgorligi ana shunday muqaddas qadamjolardan biridir.
Mingtepa Andijon shahridan 38 km uzoqlikda, Marhamat tumanining markazida joylashgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, miloddan avvalgi 140 yillarda Xitoydagi Xan sulolasi hukmdorlaridan biri elchi va sayyoh Chjan Syanni yuboradi. Uning sayohat bitiklarida bu yerda Ershi shahri boʻlgani qayd etiladi. Ershida hunarmandchilik rivojlangan boʻlib, Buyuk ipak yoʻlida savdo markazlaridan biri sifatida taraqqiy topgan. Bu shahar xarobasi ichki va tashqi qalʼalardan iborat boʻlib, ichki qalʼaning oʻzi 41,2 gektar, tashqi qalʼa 300 gektardan ortiq maydonni egallagan.
Ershi shahri yuzlab (balki undan ham koʻp) baland adirliklardan iborat boʻlgani bois keyinchalik «Mingtepa»nomini olgan. Hozirda bu yerda xorijlik mutaxassislar bilan birgalikda oʻrganish ishlari davom etmoqda. Andijon viloyatida roʻyxatga olingan madaniy meros obyektlarining uchdan bir qismi aynan mana shu manzilda joylashgan. U yerdan topilgan noyob topilmalar Mingtepaning markazlashgan shahar boʻlganini isbotlamoqda. Asori atiqalar tarixiy manbalar hunarmandchilik, toshtaroshlik, kulolchilik juda yaxshi rivojlanganligidan dalolat beradi.
— Soʻnggi yillarda tarixiy joylarni oʻrganishga boʻlgan eʼtibor yanada ortdi, — deydi «Mingtepa-madaniy merosi» jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. — 2015-2016-yillari oʻzbek-xitoy ekspeditsiyasi 2 metrdan ziyod yer ostidan boʻyi 1,7-2 metr keladigan, ayrimlari himoyalangan, xumlar joylashgan zaxira omborini topishga muvaffaq boʻldi. Qazilma ishlari olib borilgan paytda ustaxonalar xarobalari, ichki shahar gʻarbiy darvozalarining qolgan qismi va tashqi shahar sharqiy devori yonidan qabriston topilgan. Bu 300 gektardan ortiq yer ostida qolib ketgan qadimiy shaharni ochishga qoʻyilgan birinchi qadam edi.
Aytish joiz, Marhamat tumanining oʻzida sayyohlik yoʻnalishida samarali xizmat qilishi mumkin boʻlgan 70 dan ortiq maskanlar mavjud. 10 dan ortiq ziyoratgoh, 30 dan ziyod shifobaxsh buloqlar, oʻnlab tarixiy va zamonaviy maskanlar shular jumlasidandir. Ular orasida Mingtepa oʻzining boy tarixi bilan muhim ahamiyatga ega. Shunisi aniqki, bu yerda hali tuproq ostida bizga maʼlum boʻlmagan koʻplab tarix sinoatlari yashirin.
Saminjon HUSANOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring