Milliy media assotsiatsiyasiga yangi bosh direktor saylandi
Umarov Rahmatjon Ilhomjon oʻgʻli Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi bosh direktori lavozimiga saylandi. Bu haqda Assotsiatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, kecha, 10-aprel kuni Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasining navbatdagi umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtgan. Unda Assotsiatsiyaning 2025-yilgi ijodiy va moliyaviy faoliyati yakunlari koʻrib chiqildi hamda kelgusi davr uchun ustuvor vazifalar belgilab olingan.
Shuningdek, tashkilotning yangi tahrirdagi ustavi va tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanib, Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi nomi Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi etib oʻzgartirilgan.
Majlis davomida bir qator muhim yangi tayinlovlar amalga oshirilgan, xususan, Assotsiatsiya bosh direktori lavozimiga Umarov Rahmatjon Ilhomjon oʻgʻli saylangan.
Rahmatjon Ilhomjon oʻgʻli Janubiy Koreyaning “SunMoon” universitetida magistratura bosqichini tamomlagan. Qolaversa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Parlament axborot markazida hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida muhim axborot-tahlil va raqamli targʻibot yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli boshqarib kelgan.
Tashkilotda shu vaqtga qadar bosh direktor vazifasida ishlab kelgan Abutalipov Abduaziz Abdulaziz oʻgʻli hozirda Ichki ishlar vazirligida tegishli lavozimga tayinlanishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, bosh direktorga yaqindan koʻmaklashuvchi tajribali oʻrinbosarlar jamoasi ham shakllantirilgan:
• Mamaturdiyev Dilshod Nematovich — Bosh direktorning birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi. Uning bunga qadar MTRKda toʻplagan katta amaliy tajribasi assotsiatsiya ishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishonaman;
• Bekmurodov Husan Mansur oʻgʻli — Bosh direktorning moliyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandi. U shu kungacha Oliy Majlis Senati devoni masʼul xodimi boʻlib ishlab kelayotgan, tashkiliy va moliyaviy masalalarda yetuk mutaxassis hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring