Milliy jurnalistika: istiqbolli rejalar muhokama qilindi
OʻzMU Axborot-resurs markazida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti hamkorligida “Milliy jurnalistika: anʼana, nazariya va amaliyot uygʻunligi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi masʼullari, Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti professor-oʻqituvchilari, talabalar, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirni OʻzMU jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatova kirish soʻzi bilan ochib, mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida jurnalist kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu yoʻnalishda universitetning roli xususida soʻz yuritdi.
Taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyoning toʻngʻich oliy taʼlim muassasasi boʻlmish Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida jurnalist kadrlarni tayyorlash oʻtgan asrning 40 yillarida boshlangan. Uzoq va mashaqqatli, shonli tarixda bu dargohdan minglab oʻz kasbining fidoyilari yetishib chiqqan. Bugungi kunda OʻzMU jurnalistika fakultetida milliy media sohani rivojlantirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, professional taʼlim yoʻnalishlarida ilmiy va oʻquv-metodik materiallarni ishlab chiqish, jurnalistika sohasining oʻziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslari, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur oʻzlashtirgan jurnalist kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
— Barcha soha, jumladan, jurnalistika rivoji ham bevosita kadrlar salohiyatiga bogʻliq. — deydi OʻzMU jurnalistika fakulteti dekani oʻrinbosari Ravshanjon Omonov. — Tezkorlik bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda har tomonlama professional jurnalist kadrlarga ehtiyoj katta. Jurnalistika oʻqitilayotgan oliy oʻquv yurtlarida ilmiy salohiyat koʻrsatkichlari yuqorilab borayotgani, nazariya va amaliyotning uygʻun tashkil etilayotgani, ilmiy izlanishlar qilayotganlar orasida yoshlar koʻpligi quvonarli, albatta.
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov “Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va OʻzMU jurnalistika fakulteti oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi maʼruzasida Uyushma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, jurnalist kadrlarni tayyorlayotgan oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari, Uyushma qoshidagi “Yosh jurnalistlar” kengashi, OAV va uyushmaning hududiy boʻlimlari qoshida faoliyat olib borayotgan “Mahorat maktablari” va “Yosh jurnalistlar” toʻgaraklari xususida toʻxtaldi.
Davra suhbati bahs-munozara hamda savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring