“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi OʻzLiDePning tomorqachilik boʻyicha taklifini nega qoʻllab-quvvatlamadi? — Fraksiya rahbari javob berdi
OʻzLiDeP tomonidan Mamuriy javobgarlik kodeksining 65-moddasiga birinchi qoʻshimcha sifatida Tomorqa yer uchastkasidan oqilona foydalanmaganlik uchun jarima belgilash taklif qilinmoqda.
Yaʼni tomorqaga oʻz tanlovi asosida biron qishloq xoʻjaligi ekini ekmaganligi uchun, avval ogohlantirish, keyin bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha (669 ming soʻmgacha) jarima, shu holat yil davomida takrorlansa uch baravaridan besh baravarigacha (1 115 ming soʻmgacha) jarimaga tortish taklif qilinmoqda. Bu Soliq kodeksining 437-moddasi 6-qismidagi foydalanilmagan tomorqa uchun toʻlanadigan 3 barobar soliqqa qoʻshimcha (!) boʻladi.
Tomorqadan foydalanish kerak. Bir sotix yerdan roʻzgʻor uchun foydali koʻp mahsulot olish mumkin, oila byudjetiga daromad-ku!? Lekin jarima bilan daromad koʻrishga undash mantiqsizlik. Oila byudjetiga daromad berishni maqsad qilib, zararga yetaklayapmiz. Tomorqasidan foydalanmagani uchun uch barobar soliq toʻlash yetarli darajada tasirchan boʻlishi kerak edi, aslida. Soliq kodeksining shu moddasi mutasaddi idoralar tomonidan ishlatilmagan. Aholiga yetarli darajada tushuntirilmaganligi ham haqiqat!
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi bu taklifni qoʻllab-quvvatlamaydi. Partiya bu masalada oʻz taklifini kiritadi. Tomorqadan samarali foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadga muvofiqdir.
Tomorqadan yuqori hosildorlikka erishgan xonadonlarga:
- bir yilda bir marta imtiyozli kredit olish imkoniyati;
- dehqon bozorida savdo joyidan 6 oy davomida bepul foydalanish imkoniyati;
- sogʻlomlashtirish sanatoriysiga imtiyozli yoʻllanma olish imkoniyati taqdim etilishi mumkin.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring